"Markaziy Osiyo – Markaziy Amerika" formatidagi ekspertlar platformasi yaratiladi

O'zbekiston elchisi Farrux Tursunov Markaziy Amerika parlamenti (Parlacen) sobiq spikeri, deputat Silviya Garsia Polanko va Markaziy Amerika Sudining BMTdagi maxsus vakili Devid Balsa bilan uchrashdi.
Muloqot chog'ida O'zbekiston bilan Markaziy Amerika davlatlari o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki hududning qonun chiqaruvchi organlari o'rtasida o'zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiluvchi barqaror va tizimli aloqalarni yo'lga qo'yish muhimligini ta'kidladilar.
Suhbat chog'ida "Markaziy Osiyo – Markaziy Amerika" formatida ekspert platformasini yaratish imkoniyatlari xususida fikr almashildi. Ushbu format o'zaro hamkorlikning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish, tomonlarni qiziqtirgan sohalarni aniqlash va institutsional muloqot uchun mustahkam poydevor yaratish imkonini berishi ta'kidlandi.
Mazkur tashabbusning davomi sifatida Markaziy Amerika-Markaziy Osiyo mamlakatlari ijro hokimiyati va qonun chiqaruvchi organlari vakillari ishtirokida hududlararo forum o'tkazish mexanizmini ishga tushirish taklif etildi.
Bunday muloqotning yo'lga qo'yilishi keng doiradagi dolzarb mavzularni, jumladan iqtisodiy hamkorlik va sarmoyaviy sheriklikdan tortib, atrof-muhit muammolari, barqaror rivojlanish va gumanitar almashinuvlargacha qamrab olishi mumkin.
O'zbekiston va Markaziy Amerika mamlakatlari o'rtasida muntazam aloqalarni rivojlantirish, tajriba almashish va turli sohalarda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ko'p tomonlama platforma – "xab-ko'prik"ni yaratish masalalari muhokamasi muzokaralarning muhim yo'nalishi bo'ldi.
Qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi hamkorlik masalalariga ham e'tibor qaratildi. Markaziy Amerika tomoni "yashil" energiya sohasida, xususan, gidro, quyosh va geotermal energiyadan foydalanishda to'plangan tajribasi bilan o'rtoqlashdi. Ushbu strategik muhim sohada texnologiyalar almashinuvi va qo'shma tashabbuslarni amalga oshirishga yuqori qiziqish bildirildi.
Uchrashuv yakunda sheriklikning istiqbolli yo'nalishlarini belgilagan holda, mintaqalararo hamkorlik mexanizmini ishga tushirishga kelishib olindi.