Galisiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi

Galisiya avtonom hamjamiyatida Elchixona ko‘magida O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekistonning boy madaniy merosini keng ispan auditoriyasiga taqdim etish uchun muhim platformaga aylandi.
Tantanali ochilish marosimi Edificio Redeiras madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi va unda 100 ga yaqin mehmonlar - Vigo universiteti, ilmiy va ishbilarmon doiralar, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, madaniy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Kecha milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar, an’anaviy o‘zbek hunarmandchiligi va taomlari namoyishi bilan bezatildi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Ispaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Farrux Tursunov madaniy almashinuv xalq diplomatiyasining muhim vositasi ekanligini ta’kidladi.
Tadbirlar doirasida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi madaniy va sayyohlik aloqalarini kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, 2024-yilda Ispaniyadan O‘zbekistonga 23 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan - bu Toshkent - Madrid to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarining ochilishi tufayli erishilgan rekord ko‘rsatkichdir.
Bo‘lajak yirik xalqaro tadbir - YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025-yilda Samarqandda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan boy tarixiy-madaniy merosini e’tirof etib, kelgusida madaniy hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Tadbir yakunida "Bahor" ansambli ishtirokidagi yorqin konsert dasturi mehmonlarni xushnud etdi. Samimiy va bayramona muhitga interaktiv qism yordam berdi - barcha xohlovchilarga sharqona mehmondo‘stlik va xalqlar do‘stligining haqiqiy ramziga aylangan o‘zbek do‘ppisini kiyib ko‘rish taklif qilindi.
Madaniyat kunlarini o‘tkazish mamlakatning yetakchi texnika oliy o‘quv yurtlari - Farg‘ona politexnika universiteti, Andijon va Jizzax texnika institutlari, shuningdek, "Green" universiteti va "Kimyo" xalqaro universiteti vakillaridan iborat 30 nafar o‘qituvchi va tadqiqotchilardan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Erasmus+ doirasida amalga oshirilayotgan GREENDT loyihasi O‘zbekistonda muhandislik-ekologik ta’limni rivojlantirish, Yevropa tajribasini joriy etish va barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surishga qaratilgan. Shuningdek, u O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi faol akademik va madaniy almashinuvlarga hissa qo‘shmoqda.
Galisiyadagi O‘zbekiston madaniyati kunlari madaniy diplomatiyaning qudratini namoyish etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, do‘stlikni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirdi.