O‘zbekistonda aholi o‘sish surati sekinlashdi

2026-yil 1-iyul holatiga ro‘yxatga olish natijalarisiz O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 519,5 ming kishini tashkil qildi. Bunda o‘sish surati 2025-yilning mos davriga nisbatan (2 foiz, 2024-yilda 2,1 foiz) 0,3 foizga kamayib 1,7 foizni tashkil etdi.
Doimiy aholi soni shahar joylarida 19 608,9 ming kishini (jami aholining 50,9 foizi), qishloq joylarida esa 18 910,6 ming kishini (49,1 foizi) tashkil etdi. Shundan 19 118,9 mingtasi ayollar (49,6 foiz), 19 400,6 mingtasi erkaklar (50,4 foiz)dan iborat.
Respublikada 2026-yilning yanvar-iyun oylarida tirik tug‘ilganlar soni 373,4 ming kishini, tug‘ilish koeffitsiyenti esa har ming aholiga 19,6 promilleni tashkil etdi. 2025-yilning mos davriga nisbatan 2026-yilning yanvar-iyun oylarida tug‘ilganlar soni 32,1 ming kishiga kamaydi.
2026-yilning yanvar-iyun oylarida qayd etilgan o‘limlar soni 86,9 ming kishini, har ming aholiga to‘g‘ri keladigan o‘lim koeffitsiyenti esa 4,6 promilleni tashkil etdi. 2025-yilning mos davriga nisbatan joriy yilning yanvar-iyun oylarida vafot etganlar soni 2,8 ming kishiga oshdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda respublika bo‘yicha tirik tug‘ilganlar soni jami 373,4 ming kishini tashkil etdi. Shundan 192,9 ming nafari (tug‘ilganlarning umumiy soniga nisbatan 51,7 foiz) o‘g‘il bolalar, 180,5 ming nafari (48,3 foiz) esa qizlardir. Ularning 182,9 ming nafari (tug‘ilganlarning umumiy soniga nisbatan 49 foizi) shahar joylarda, 190,5 ming nafari (51 foizi) qishloq joylarda dunyoga kelgan.
Mazkur davrda respublika bo‘yicha vafot etganlarning umumiy soni 86,9 ming kishini tashkil qildi. Shundan 48,3 ming nafari (vafot etganlarning umumiy soniga nisbatan 55,6 foizi) erkaklar, 38,6 ming nafari (44,4 foizi) ayollardir. Ularning 47,3 ming nafari (vafot etganlarning umumiy soniga nisbatan 54,4 foiz) shahar joylarda, 39,6 ming nafari (45,6%) esa qishloq joylarda yashovchilar bo‘lgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha migratsiya faolligi ham oshgan. Olti oy davomida mamlakat bo‘ylab 185,6 ming kishi ko‘chib kelgan bo‘lsa, 189,3 ming kishi ko‘chib ketgan. Mos ravishda 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkichlar 127,8 ming va 132,6 ming nafarni tashkil etgan edi.
Respublika hududlari o‘rtasidagi ichki migratsiya hajmi bir yilda qariyb 45 foizga oshib, ko‘chib kelganlar ham, ko‘chib ketganlar ham 183,9 ming nafarga yetdi. Xorijdan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni 673 nafardan 1 649 nafargacha ko‘paygan bo‘lsa, xorijiy davlatlarga ko‘chib ketganlar soni 5 551 nafardan 5 422 nafargacha kamaygan. Natijada tashqi migratsiyaning manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan biroz qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining haqiqiy soni joriy statistik hisob-kitoblardan yuqori bo‘lib chiqqan edi. E’lon qilingan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra mamlakatda 39 047 321 kishi istiqomat qilgan — bu joriy hisob-kitoblardan 810 ming 617 kishiga ko‘p.