Xiva xalqaro «Qovun sayli – 2026» festivaliga chorlaydi

2026-yil 7–9-avgust kunlari qadimiy Xiva shahrida O‘zbekistonning eng yorqin madaniy-gastronomik tadbirlaridan biri – Xalqaro «Qovun sayli – 2026» festivali bo‘lib o‘tadi.
Festival UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan qal’a majmuasi hamda Arda Khiva turistik majmuasida tashkil etiladi. Har yili ushbu festival O‘zbekiston va xorijdan minglab mehmonlarni jamlab, ularga Xorazmning boy madaniy merosi, milliy an’analari va o‘zbek polizchilik san’ati bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.
Festival dasturidan quyidagi tadbirlar o‘rin olgan:
- mamlakatimizning barcha hududlaridan keltirilgan noyob va sara qovun navlari ko‘rgazmasi;
- teatrlashtirilgan tomoshalar hamda folklor jamoalarining chiqishlari;
- mashhur o‘zbek va xorijiy san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturlari;
- Xorazm milliy taomlari taqdimoti va gastronomik ko‘rgazmalar;
- hunarmandchilik yarmarkasi hamda mahorat darslari;
- fotozonalar, xalq o‘yinlari va butun oila uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar dasturlar;
- kechki konsertlar va yorqin mushakbozlik namoyishlari.
O‘zbek qovuni yurtimizning eng mashhur milliy ne’matlaridan biri hisoblanadi. Qulay tabiiy-iqlim sharoiti va asrlar davomida shakllangan polizchilik an’analari tufayli O‘zbekistonda o‘zining betakror ta’mi, xushbo‘y hidi va xilma-xilligi bilan ajralib turadigan o‘nlab qovun navlari yetishtiriladi.
«Qovun sayli» festivali mehmonlarga nafaqat dunyoga mashhur o‘zbek qovunlarini tatib ko‘rish, balki sharqona mehmondo‘stlik muhitini his etish, qadimiy Xiva shahri tarixi va Xorazm vohasining boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Sana: 2026-yil 7–9-avgust
Manzil: Xiva shahri, Ichan qal’a va Arda Khiva turistik majmuasi.
O‘zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Elchixonasi barcha sayyohlar va madaniyat ixlosmandlarini ushbu betakror festivalda ishtirok etishga hamda O‘zbekistonning eng yorqin yozgi bayramlaridan birini kashf etishga taklif etadi.