O‘zbekiston va Belarus: strategik sheriklik yangi bosqichda

Bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat, ishonch va pragmatizm tamoyillariga asoslangan holda izchil rivojlanib bormoqda. Geografik jihatdan bir-biridan uzoqda joylashganiga qaramay, ikki davlat iqtisodiyotlarining o‘zaro bir-birini to‘ldirishi, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga oid yondashuvlarining mushtarakligi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan intilishi samarali sheriklik tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
2017-yildan boshlab ikki tomonlama muloqot mutlaqo yangi mazmun kasb etdi. Oliy va yuqori darajadagi muntazam uchrashuvlar, Hukumatlararo komissiya faoliyati, hududlar forumi hamda biznes tadbirlarining yo‘lga qo‘yilgani O‘zbekiston–Belarus hamkorligini kompleks va tizimli bosqichga olib chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning muhim omiliga aylandi. Iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish va ochiqlik siyosati mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini sezilarli darajada oshirdi hamda Belarus bilan sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.
Jahon iqtisodiyotida chuqur transformatsiya jarayonlari kechayotgan, logistika zanjirlari qayta shakllanayotgan va iqtisodiy o‘sishning yangi markazlari yuzaga kelayotgan bugungi sharoitda O‘zbekiston–Belarus hamkorligi alohida dolzarblik va strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning barqaror rivojlanishida yuqori darajadagi siyosiy ishonch hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Tomonlar tomonidan shakllantirilgan konstruktiv hamkorlik mexanizmi eng keng ko‘lamdagi masalalar yuzasidan o‘zaro harakatlarni samarali muvofiqlashtirish imkonini bermoqda.
Munosabatlarning yuksak sur'atlarda rivojlanayotganini oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar ham yaqqol tasdiqlaydi. 2017-yildan buyon ikki davlat rahbarlari sakkiz martadan ortiq uchrashuv o‘tkazdi. Bunday faol siyosiy muloqot ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni tezkor hal etish va uzoq muddatli rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.
Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning 2024-yil fevral oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka yangi sur'at bag‘ishladi. Tashrif yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilinib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi. Keyinchalik savdo, sanoat kooperatsiyasi va gumanitar sohalarda erishilgan deyarli barcha natijalar aynan mazkur kelishuvlarning amaliy davomi bo‘ldi.
2026-yil fevral oyida Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin Toshkentga tashrif buyurdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda oliy darajadagi navbatdagi davlatlararo tadbirlarga tayyorgarlik doirasidagi yangi kun tartibi belgilandi hamda tomonlar rejalashtirilgan loyihalarni izchil amalga oshirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Qo‘shma tashabbuslarning amaliy ijrosi Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya doirasida olib borilmoqda. 2026-yil may oyida Komissiyaning 12-yig‘ilishi O‘zbekiston va Belarus Bosh vazirlari o‘rinbosarlari Jamshid Xo‘jayev hamda Yuriy Shuleyko hamraisliligida bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" loyihasi, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. O‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini faollashtirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxonalarni tashkil etish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi. Elektr texnikasi, farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi texnikasi, qurilish materiallari, to‘qimachilik va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik ham alohida e'tiborga loyiq. 2025-yilda Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkov Termiz shahriga tashrif buyurib, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan birgalikda "Termiz xalqaro savdo markazi" erkin savdo zonasi orqali savdo yo‘laklarini rivojlantirish hamda Afg‘oniston orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu transport va logistika masalalari ikki tomonlama kun tartibida tobora muhim o‘rin egallayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston–Belarus munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy bazasi ham izchil kengayib bormoqda. Bugungi kunga qadar ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni tartibga soluvchi 126 tadan ortiq davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitim hamda kelishuvlar imzolangan. Mazkur mustahkam huquqiy asos siyosiy kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish, hamkorlikning uzluksizligini ta'minlash va uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlash uchun ishonchli institutsional poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
(Davomi)
O‘zbekiston–Belarus hamkorligining eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishi savdo-iqtisodiy soha hisoblanadi. So‘nggi besh yil davomida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,7 barobar oshdi. Belarusning O‘zbekistonga eksporti 2,5 barobar, O‘zbekistonning Belarusga eksporti esa qariyb 4 barobar ko‘paydi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 25 foizga o‘sib, 965 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu esa davlat rahbarlari tomonidan belgilangan 1 milliard dollarlik strategik marraga yaqinlashilganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, o‘sish sur’atlari tobora jadallashmoqda. 2026-yilning birinchi choragida o‘zaro tovar ayirboshlash o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 50 foizga oshib, 259,7 million AQSH dollariga yetdi. Shu munosabat bilan tomonlar 2030-yilga borib savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishni nazarda tutuvchi qo‘shma dastur ishlab chiqishga kirishdilar. Bugungi kunda Belarus O‘zbekiston tashqi savdosida MDH mamlakatlari orasida Rossiya va Qozog‘istondan keyin uchinchi o‘rinni egallaydi.
O‘zbekistonning Belarusga asosiy eksport mahsulotlarini to‘qimachilik mahsulotlari, meva-sabzavotlar, metall mahsulotlari hamda ayrim sanoat tovarlari tashkil etadi. Belarusdan import qilinayotgan mahsulotlar tarkibida esa go‘sht va sut mahsulotlari, yog‘och, transport vositalari, farmatsevtika mahsulotlari, yoqilg‘i, mashina va uskunalar, shuningdek metall buyumlar ustunlik qiladi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida 2026-yil mart oyida Minsk shahrida O‘zbekiston Savdo uyi ochilishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. Ushbu loyiha o‘zbek mahsulotlarini Belarus bozorida doimiy ravishda targ‘ib qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini namoyish etish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama hamkorlik oddiy savdo aloqalari bilan cheklanib qolmayapti. Tobora ko‘proq e’tibor sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalarni mahalliylashtirish va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yishga qaratilmoqda.
2025-yil boshiga kelib O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi qariyb 250 ta korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Belarus hududida 87 ga yaqin o‘zbek-belarus qo‘shma korxonasi ish olib bormoqda. Qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli 300 million AQSH dollaridan oshgani hamkorlik tizimli va uzoq muddatli tus olayotganidan dalolat beradi.
Sanoat kooperatsiyasining ustuvor yo‘nalishlari sifatida mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati belgilangan. An’anaviy ravishda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi alohida o‘rin tutadi. Belarusda ishlab chiqarilgan traktorlar, kombaynlar va maxsus texnikalar O‘zbekiston bozorida mustahkam mavqega ega. Bugungi kunda esa tomonlar hamkorlikning yangi bosqichiga – mazkur texnikalarni O‘zbekiston hududida yig‘ish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga o‘tmoqda.
2026-yil fevral oyida ushbu yo‘nalishdagi istiqbollar Mogilyov erkin iqtisodiy zonasida o‘tkazilgan biznes muloqoti doirasida batafsil muhokama qilindi. Unda diplomatlar, hududiy hokimiyat vakillari va ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida elektrotexnika, kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik kabi sohalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi. Shuningdek, Belarus kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini eksport bilan cheklanib qolmasdan, investitsion loyihalar orqali kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Bugungi kunga kelib sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun mustahkam amaliy asos yaratilgan. Jumladan, Toshkent viloyatida "BELARUS" traktorlarini ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Belarusning "Energokomplekt" kompaniyasi bilan hamkorlikda yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Enco Group" zavodi ishga tushirilgan. Qarshi shahrida esa Belarus–O‘zbekiston qo‘shma korxonasi "UzShoes" samarali faoliyat olib bormoqda.
Tomonlar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan yangi qo‘shma korxonalarni tashkil etishga ham kelishib oldilar. Aynan savdo munosabatlaridan qo‘shma ishlab chiqarishga o‘tish bugungi kunda O‘zbekiston–Belarus iqtisodiy hamkorligidagi eng muhim sifat o‘zgarishlaridan biri sifatida baholanmoqda.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri agrosanoat majmuasi hisoblanadi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, Belarus eksporti tarkibida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi qariyb 25 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu tarmoq mamlakat yalpi ichki mahsulotining 7 foizga yaqin qismini shakllantirmoqda. Bu ko‘rsatkichlar ikki davlat iqtisodiyotining o‘zaro bir-birini to‘ldirishi asosida MDH makonida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Belarus rivojlangan sut va go‘sht sanoati, donni qayta ishlash hamda oziq-ovqat ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajribaga ega. O‘zbekiston esa boy xomashyo bazasi, meva-sabzavotchilik va uzumchilikning yuqori salohiyati hamda keng iste’mol bozori bilan ajralib turadi. Mazkur omillar agrosanoat sohasida o‘zaro manfaatli kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, 2026-yil may oyida Toshkent shahrida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjat agrosanoat sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqib, qisqa muddatli savdo operatsiyalaridan uzoq muddatli va tizimli hamkorlik modeliga o‘tish uchun mustahkam asos yaratadi.
Buning amaliy tasdig‘i sifatida 2025-yilda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha o‘zaro savdo hajmi 338,9 million AQSH dollariga yetgani, holbuki 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich 234,2 million dollarni tashkil etganini qayd etish mumkin.
Uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, sut mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy saqlash va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga ixtisoslashgan qo‘shma agrosanoat korxonalarini tashkil etish strategik ahamiyatga ega. Shuningdek, Belarusning melioratsiya, suv resurslarini boshqarish va yerlarni samarali o‘zlashtirish bo‘yicha tajribasi O‘zbekistonda yangi sug‘oriladigan yerlarni o‘zlashtirish dasturlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ikki davlat o‘rtasidagi logistika hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, yuk tashish hajmi 796,6 ming tonnadan oshib, o‘tgan yilga nisbatan 6 foizga ko‘paydi. Shu bilan birga, tomonlar transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, xususan Markaziy Osiyo va Afg‘oniston orqali o‘tuvchi muqobil logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu esa ta’minot zanjirlarining barqarorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hududlararo hamkorlik ham ikki tomonlama munosabatlarning muhim ustunlaridan biriga aylandi. Viloyatlar va shaharlar o‘rtasidagi bevosita aloqalar oliy darajadagi siyosiy muloqotni amaliy mazmun bilan boyitib, iqtisodiy, ta’lim, ilmiy va madaniy loyihalarni ilgari surishga xizmat qilmoqda. Aynan hududlar darajasida yangi ishlab chiqarish zanjirlari, ta’lim dasturlari va madaniy almashinuvlar shakllanmoqda.
Mazkur yo‘nalishning barqaror rivojlanayotganini 2017-yildan buyon O‘zbekiston va Belarus hududlari vakillari tomonidan amalga oshirilgan 40 dan ortiq o‘zaro tashriflar ham tasdiqlaydi. Hududlar forumlari esa yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishning muhim institutsional platformasiga aylandi.
2025-yilda Navoiy va Orsha, shuningdek Termiz va Polotsk shaharlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarning imzolanishi hududlararo sheriklikka amaliy mazmun bag‘ishlagan yorqin misollardan biri bo‘ldi.
Umuman olganda, O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati ikki tomonlama sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etmoqda. Endilikda uning rivoji nafaqat alohida iqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘sishi, balki uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni ta’minlaydigan institutsional mexanizmlarning shakllanishi bilan belgilanmoqda.
So‘nggi yillarda yaratilgan mustahkam siyosiy, huquqiy va iqtisodiy poydevor tomonlarga sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, investitsiyalarni keng jalb etish, transport jihatdan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash hamda yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yanada ulkan maqsadlarni qo‘yish imkonini bermoqda.
Bularning barchasi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik mustahkam asosga ega ekanini hamda ikki davlat manfaatlari yo‘lida izchil rivojlanish uchun katta salohiyatni saqlab qolayotganini tasdiqlaydi.
Iroda Imamova
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi