O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘ladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8-9-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tashrif dasturiga muvofiq, Minsk shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston – Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Sammit yakunida ustuvor yo‘nalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, tashrif arafasida Minsk shahrida ikki mamlakat hududlari delegatsiyalari va ishbilarmon doiralari ishtirokida uchinchi Hududlararo forum ham bo‘lib o‘tadi.