Andijon polkasi”ning ommaviy ijrosi Guinness rekordlar kitobiga kiritildi

Oʻzbekiston jahon rekordlari roʻyxatini yana bir yangi yutuq bilan boyitdi: mashhur “Andijon polkasi” raqsining ommaviy ijrosi rasman Guinness rekordlar kitobiga kiritildi.
Viloyat hokimligi xabariga koʻra, ushbu rekord Andijonning 2026-yilda Turkiy dunyo madaniy poytaxti maqomini olishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlar doirasida oʻrnatildi. “Bobur Arena” stadionida bir vaqtning oʻzida 20 ming nafar ishtirokchi mamlakatning eng mashhur milliy raqslaridan biri boʻlgan “Andijon polkasi”ni ijro etdi.
Chiqish jarayonini Guinness World Recordsning rasmiy vakili kuzatib bordi. Barcha talablar bajarilgani tekshirilgach, rekord rasman roʻyxatga olindi.
Avvalroq Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham Guinness rekordlar kitobiga dunyodagi eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida kiritilgan edi.