Madrid va Barselonada O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining forumi bo‘lib o‘tdi

Madrid va Barselona shaharlarida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining forumi bo‘lib o‘tdi, bu ta’lim, fan va akademik almashinuv sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylandi.
Forumda ikki mamlakat universitetlarining 100 dan ortiq vakillari, jumladan, O‘zbekistonning 30 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni rivojlantirish, shuningdek, oliy ta’lim sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganishdan iborat.
Yalpi majlislar va tematik muhokamalar davomida ishtirokchilar kadrlar tayyorlash, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish, talabalar va o‘qituvchilarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, shuningdek, ikki davlat ilmiy va ta’lim hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Akademik mobillik, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, qisqa muddatli stajirovkalarni tashkil etish, o‘zaro ma’ruzalar, seminarlar va mahorat darslarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Ispaniya universitetlari rahbarlari o‘rtasida ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar yakunida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi hamda akademik va ilmiy aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va tajriba almashishni nazarda tutuvchi qator hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Forum ishtirokchilari oliy ta’lim sohasida O‘zbekiston - Ispaniya hamkorligining yuqori salohiyatini qayd etib, ikki mamlakat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Forum natijalari ta’lim jarayoni sifatini oshirish, talabalar va o‘qituvchilar uchun imkoniyatlarni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ilmiy va innovatsion hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.