O‘zbekiston va Ispaniya chinni sanoatida hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Angren shahar hokimligi hamda Ispaniyaning chinni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Gedepsa," "Enhol Group" va "Systemfoc" kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Ispaniyaning yetakchi brendlari, zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari va texnologik yechimlarni jalb qilgan holda O‘zbekistonda chinni mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Ispaniya tomoni mahalliy sanoat bazasi, xomashyo va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalangan holda bevosita O‘zbekiston hududida mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirdi.
Ispaniya kompaniyalari vakillariga Angren shahrining sanoat va investitsiya salohiyati, shuningdek, Ispaniyaning zamonaviy texnologiyalari, uskunalari va investitsiyalarini jalb qilish mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish maydonlari va korxonalari taqdim etildi.
Zamonaviy uskunalarni yetkazib berish, energiya tejamkor va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, ham ichki bozorga, ham mintaqa mamlakatlariga eksport qilishga mo‘ljallangan qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar mamlakatning sanoat markazlaridan biri sifatida Angren shahrining chinni sanoatini rivojlantirish uchun yuqori salohiyatini qayd etib, O‘zbekiston korxonalari va Ispaniya ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish muhimligini ta’kidladilar. Uchrashuv yakunida amaliy muzokaralarni davom ettirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.