Shayxa Nosir Al Novays: O‘zbekiston va “BMT Turizm” o‘rtasidagi hamkorlik aniq maqsadlarga asoslangan

“Dunyo” AA muxbirining savollariga “BMT Turizm” bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novays javob berdi.
– Siz “BMT Turizm” bosh kotibi lavozimiga tayinlangan birinchi ayol va BAAdan chiqqan ilk vakilsiz. Bu siz uchun va jahon turizmi uchun nimani anglatadi?
– Bu lahzani juda yaxshi eslayman. Ar-Riyozda Bosh assambleyada o‘tirganimda ismim eʼlon qilindi. Bir zumga hamma narsa to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Keyin esa bu lavozimning qanchalik katta masʼuliyat ekanini angladim. Bu juda taʼsirli his edi.
Birinchi ayol bo‘lganim bu voqeaga yana-da katta ahamiyat beradi. Lekin bu faqat mening yutug‘im emas. Bu mendan oldingi ayollarning mehnati natijasi. Ular doim jamiyatda muhim rol o‘ynagan, hatto har doim ham yetarlicha eʼtirof etilmagan bo‘lsa ham.
Men uchun bu nafaqat shaxsiy yutuq, balki boshqalar uchun ham yo‘l ochish masʼuliyatidir.
Yoshligimdan sayohat qilish va turli madaniyatlarni ko‘rish dunyoqarashimni shakllantirgan. Bu menga ishing faqat o‘zing uchun emas, boshqalar uchun ham foydali bo‘lishi kerakligini o‘rgatgan. Turizm ham aynan shunday: odamlarni bog‘laydi va imkoniyat yaratadi.
– Bugun turizm sohasida sizga eng katta ilhomni nima beradi?
– Meni eng ko‘p ilhomlantiradigan narsa – turizmning insonlarga beradigan imkoniyatlari.
Ko‘pchilik turizmni dam olish, plyajda cho‘milish yoki sayohat qilish, deb o‘ylaydi. Bu ham to‘g‘ri, lekin turizm bundan ancha keng tushuncha. U ish o‘rinlari yaratadi, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlaydi, madaniyatni rivojlantiradi va jamoalarni shakllantiradi, ayniqsa, boshqa sohalar yetib bormagan joylarda.
Turizm inson hayotining ko‘p jihatlariga taʼsir qiladi. Bugungi bo‘lingan, tahlikali dunyoda esa u odamlarni birlashtirishga qodir kuchli vosita bo‘lib qolmoqda.
– Yaqin yillardagi asosiy ustuvor vazifalaringiz nimalardan iborat?
– Mening asosiy maqsadim turizmni iqtisodiy, ijtimoiy va barqaror jihatdan foydali qilish.
Buning uchun: qarorlar qabul qilishda maʼlumotlar va boshqaruvni yaxshilash, davlatlar, xususiy sektor va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, sohada ishlovchilar va tizimlarni rivojlantirish muhim.
Eng asosiysi, turizm odamlar va jamiyatlar uchun haqiqatan ham foydali bo‘lishi kerak.
– Kelajakda turizm qanday rivojlanadi, deb o‘ylaysiz?
– Turizm allaqachon o‘zgaryapti va bu jarayon yana-da tezlashadi. Odamlar endi faqat sayohat qilishni emas, balki mazmunli hordiq olishni istaydi. Ular uchun barqarorlik, haqiqiylik va yangi his-tuyg‘ular muhim bo‘lib bormoqda.
Shu bilan birga, texnologiyalar ham turizmni o‘zgartirmoqda, sayohatni rejalashtirishdan tortib, boshqarishgacha.
Asosiy vazifa, o‘sish bilan masʼuliyat o‘rtasida muvozanatni saqlash. Agar bu uddalansa, turizm yana-da tez rivojlanadi.
– O‘zbekiston va “BMT Turizm” o‘rtasidagi hamkorlikni qanday baholaysiz?
– Bugungi kunda O‘zbekiston va “BMT Turizm” o‘rtasidagi hamkorlik juda yaxshi rivojlanmoqda. Eng muhimi, amaliy natijalar bermoqda.
Bu borada ayniqsa, Samarqandda o‘tkazilgan Bosh Assambleya bu yo‘lda muhim qadam bo‘ldi. Undan keyin, Samarqandda xalqaro akademiya ochildi, “Ipak yo‘li” bo‘yicha tematik ofis tashkil etildi.
Bu ishlar hamkorlikning uzoq muddatli va strategik tus olayotganini ko‘rsatadi.
– O‘zbekistonning Global xavfsiz turizm kodeksi tashabbusiga munosabatingiz qanday?
– Bu tashabbus juda dolzarb va muhim. O‘zbekistonning Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqish tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman. Prezident bilan uchrashuvda ham uning muhimligi va global noaniqlik sharoitida uning keng tarqalishini tezlashtirish zarurligini alohida taʼkidladi.
Turizmda eng asosiy omil – ishonch. Agar odamlar o‘zini xavfsiz his qilsa, ular sayohat qiladi. Aks holda esa ikkilanadi. Shuning uchun bunday kodeks: umumiy standartlar yaratishga, xavfsizlikni kuchaytirishga, inqirozlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi.
Eng muhimi, u amaliy va barcha uchun ochiq bo‘lishi kerak. Agar to‘g‘ri amalga oshirilsa, turizm rivojiga katta hissa qo‘shadi.