O‘zbekiston va Ispaniya parlamentlararo hamkorlikni faollashtiradi

Madridga tashrif doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ispaniya Senati raisining birinchi o‘rinbosari Xaver Ignasio Maroto bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlararo muloqotni mustahkamlash va ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi muntazam aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki tomonlama munosabatlarning muhim elementi sifatida parlamentlar darajasidagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlik uchun, eng avvalo, iqtisodiy diplomatiya sohasida salmoqli salohiyat mavjudligi, shuningdek, uni qo‘shma tashabbuslar va tajriba almashish orqali yanada faol amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi hamkorlikni o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy qadriyatlar asosida mustahkamlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.