Madridda O‘zbekiston-Ispaniya muzokaralari yakunlari bo‘yicha bitimlar to‘plami imzolandi

Madridga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ispaniya tashqi ishlar, Yevropa Ittifoqi va hamkorlik vaziri Xose Manuel Albares bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro manfaatli turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlarining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Muzokaralar konstruktiv va ishchan ruhda o‘tdi.
Uchrashuv yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Diplomatik pasport egalari uchun viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitim, Diplomatik kadrlar tayyorlash sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Imzolangan hujjatlar o‘zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Tomonlar O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan sheriklikni izchil rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.