O‘zbekiston BMTning qul savdosini insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat deb e’lon qilgan rezolyutsiyasi qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi transatlantik qul savdosi "insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat" deb atalgan rezolyutsiyani qabul qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA "BMT yangiliklari"ga tayanib.
Qayd etilishicha, hujjat tashabbuskori Gana bo‘lgan. Hujjat 123 davlat, jumladan, O‘zbekiston tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, AQSH, Isroil va Argentina "qarshi" ovoz berdi, yana 52 davlat, jumladan, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari betaraf qoldi.
Rezolyutsiya mualliflari bu qadam jabrlanganlarning avlodlari uchun tarixiy e’tirof, shifo va adolatni tiklash yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lishiga umid qilishadi.
Rezolyutsiya a’zo mamlakatlarni qul savdosida ishtirok etganlik uchun rasmiy uzr so‘rash imkoniyatini ko‘rib chiqishga, shuningdek, aniq miqdorlar ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, reparatsiya fondiga hissa qo‘shishga chaqiradi. Shu bilan birga, Bosh Assambleya qarorlari majburiy yuridik kuchga ega emas, biroq xalqaro hamjamiyatning pozitsiyasini aks ettiradi.
Gana prezidenti Jon Maxama hujjatning qabul qilinishi "unutilishdan himoya" va millionlab odamlarning azob-uqubatlarini tan olish ekanligini aytdi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Samuel Okudzeto Ablakvaning ta’kidlashicha, gap shaxsiy manfaat haqida emas, balki adolatni tiklash - qullik qurbonlarining avlodlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ta’lim, ijtimoiy va investitsiya fondlarini tashkil etish haqida ketmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, qul savdosining oqibatlari hali ham irqiy tengsizlik va iqtisodiy qoloqlik shaklida namoyon bo‘lmoqda.
XV asrdan XIX asrgacha bo‘lgan davrda 12 milliondan 15 milliongacha afrikaliklar Amerikaga majburan olib ketilgan va u yerda qul sifatida ishlatilgan; ikki milliondan ortiq odam yo‘lda halok bo‘lgan. Rezolyutsiya, shuningdek, bu davrning oqibatlari butun dunyo bo‘ylab afrikaliklarning hayotiga ta’sir qilishda davom etayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, bir qator davlatlar hujjatning ta’riflariga norozilik bildirgan. AQSH va Buyuk Britaniya vakillari ba’zi tarixiy fojialarni boshqalariga qaraganda muhimroq deb ajratib bo‘lmasligini ta’kidladilar va tovon to‘lashning qonuniy asoslarini shubha ostiga qo‘ydilar. Amerika tomoni o‘z vaqtida noqonuniy hisoblanmagan tarixiy voqealarni qoplash bo‘yicha huquqiy majburiyatlarni tan olmasligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, rezolyutsiyada mustamlaka davrida olib chiqib ketilgan madaniy boyliklarni qaytarish masalasi ham ko‘tarilgan. Gana va Afrikaning boshqa mamlakatlari artefaktlarni madaniy va ma’naviy merosning muhim qismi deb hisoblab, ularni repatriatsiya qilishni talab qilmoqda. Ushbu tashabbus, shuningdek, reparatsiyalar masalasi yaqin yillarda ham faol xalqaro munozaralar mavzusi bo‘lib qolishi mumkin.