Ispaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda

Madrid Savdo palatasida Qozog‘istonning Ispaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda "Markaziy Osiyo kengayish jarayonida" konferensiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyati taqdim etildi, shuningdek, O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari belgilandi.
Ma’ruzada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari yoritib berildi. Ochiq iqtisodiyotni shakllantirish va xorijiy investorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish davlatimizning strategik vazifasi ekani ta’kidlandi.
Investitsiya muhitini keng miqyosda transformatsiya qilishga alohida e’tibor qaratildi. Bir qator tizimli qonunchilik tashabbuslari, jumladan, investitsiyalar to‘g‘risida, davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida, maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida qonunlar qabul qilingani, Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi va Biznes-ombudsman instituti tashkil etilgani ta’kidlandi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi logistika va transport tuguni sifatidagi strategik afzalliklari, shuningdek, xalqaro transport yo‘laklarida, shu jumladan Osiyo va Yevropani bog‘laydigan O‘rta koridorda joylashganligi ta’kidlandi.
6 mingdan ortiq tovar pozitsiyalari uchun Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli bojsiz kirishni ta’minlaydigan GSP+ rejimiga alohida e’tibor qaratildi, bu esa Ispaniya kompaniyalari uchun ishlab chiqarishni O‘zbekistonda joylashtirish va keyinchalik Yevropa Ittifoqiga eksport qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Ispaniyaning yetakchi "Empresa Exterior" biznes portalida "Markaziy Osiyodagi strategik alyans: O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoning asosiy logistika va investitsiya markazlari sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.