BMT Turizm yangi bosh kotibi O‘zbekistonga tashrif buyuradi

BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO)ning Madriddagi bosh qarorgohida tashkilotning yangi bosh kotibi Shayxa Nasser Al Novaisning Tashkilotning Yevropa mintaqasi, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari elchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot doirasida Bosh kotib Yevropa mintaqasida ishlash bo‘yicha o‘z qarashlari va ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etib, barqaror va inklyuziv turizmni rivojlantirish, turizm sohasini raqamlashtirish, shuningdek, turizm sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi, mamlakatning BMT Turizmdagi doimiy vakili Farrux Tursunov bilan qisqa suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni faollashtirish rejalari muhokama qilindi. O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish va turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish asosiy mavzular bo‘ldi.
Bosh kotib O‘zbekistonning turizmni rivojlantirish borasidagi muvaffaqiyatlarini yuqori baholab, bu respublika rahbariyatining puxta o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasi bo‘lib, mamlakatga xalqaro maydonda yangi imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.
"Ipak yo‘li"ning Samarqanddagi mintaqaviy ofisiga alohida e’tibor qaratildi. Ofis tajriba almashish, tadqiqotlar, ta’lim va madaniy loyihalar, shuningdek, O‘zbekistonning boy tarixiy va sayyohlik merosini targ‘ib qilish uchun muhim xalqaro platformaga aylanishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida BMT Bosh kotibining O‘zbekistonga rasmiy tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. "O‘zbekiston - go‘zal mamlakat. Men uzoq vaqtdan beri uni ziyorat qilishni orzu qilaman va umid qilamanki, bu orzu tez orada amalga oshadi," - dedi Al Novais.