"Navoiy" aeroportida "porto-franko" erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Navoiy" xalqaro aeroportini xalqaro multimodal logistika xabiga aylantirishni nazarda tutuvchi "Navoiy" xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga borib aeroportda parvozlar sonini 2,3 barobarga oshirish - yiliga 7 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilar oqimi 150 ming nafarga, yuk tashish hajmi esa yiliga 45 ming tonnaga yetkazilishi kerak. 2026-yilgacha Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Xitoydan pochta-kuryerlik va tijorat yuklarini yetkazib berish bo‘yicha haftasiga uchta reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.
2028 yil yakuniga qadar aeroport hududida havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash va bo‘yash bo‘yicha alohida markaz tashkil etiladi. Shuningdek, mavjud yoqilg‘i-moylash materiallari ombori va yuk terminali infratuzilmasini modernizatsiya qilish, talab ortishi bilan 10 ming tonna sig‘imli rezervuarlar va 16 ming kvadrat metr maydonga ega yangi yuk terminali qurish ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan "Navoiy" xalqaro aeroporti" MCHJni "Uzbekistan Airports"ning markazlashtirilgan tezkor boshqaruv tizimidan chiqargan holda loyiha boshqaruvi tamoyillarini joriy etish ma’qullandi.
Hujjatda aeroport hududida erkin iqtisodiy zona va "porto-franko" rejimidagi erkin bojxona zonasini tashkil etish ham nazarda tutilgan. Ular doirasida bojxona to‘lovlarini to‘lamasdan tovarlarni import qilish, saqlash va qayta ishlash, logistika, savdo, moliya va aviatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalarni tashkil etishga ruxsat beriladi.