O‘zbekiston Ispaniyadan kelgan sayyohlar uchun eng jozibador yangi yo‘nalishlar qatoriga kiradi

O‘zbekiston ispaniyalik sayyohlarda qiziqish uyg‘otayotgan rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda, deb yozadi "agenttravel.es" sayyohlik portali.
"agenttravel.es" sayyohlik agentliklari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Gruziya va Albaniya bilan bir qatorda Ispaniya sayyohlik bozorida tobora ommalashib bormoqda. Yo‘nalishga qiziqishga ta’sir qiluvchi asosiy omillar qatorida yangi aviareyslarning ochilishi, turoperatorlar takliflarining kengayishi va sayyohlarning an’anaviy va gavjum yo‘nalishlarga muqobil variantni tanlashga intilishi qayd etilgan.
Ispaniyalik sayyohlarning O‘zbekistonga qiziqishi ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘payganidan so‘ng sezilarli darajada oshdi. O‘tgan yilning aprel oyida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Madrid-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysni yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari, "Iberojet" aviakompaniyasi Madrid va Saragosani Toshkent bilan bog‘laydigan reyslarni amalga oshirib, haftasiga ikki marta Madriddan uchishni taklif qiladi.
Yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishning ortishi turoperatorlar faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. "Ávoris" kompaniyasi ketma-ket uchinchi yil "Iberojet" aviakompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sayyohlik dasturini amalga oshirmoqda. Dastur may, iyun, sentyabr va oktyabr oylarida amal qiladi va Madrid, Barselona, Bilbao, Santyago, Sevilya va Saragosadan parvozlarni o‘z ichiga oladi.
"TUI Spain" kompaniyasi ham O‘zbekiston yo‘nalishida ijobiy dinamikani qayd etmoqda. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, talabning o‘sishi taxminan 15 foizni tashkil etadi va bu aniq tarixiy tarkibiy qismga ega bo‘lgan an’anaviy sayyohlik yo‘nalishlariga qiziqish bilan bog‘liq. Shu bois kompaniya dasturi 30 foizga, jumladan, "O‘zbekiston mazmuni" yo‘nalishi bilan kengaytirildi.
Turoperatorlar vakillarining ta’kidlashicha, dasturlarni kengaytirish va kafolatlangan parvozlarni ta’minlash, shu jumladan yuqori mavsumda, o‘sib borayotgan talabni qondirish va yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishni barqaror saqlash imkonini beradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga sayohat Buyuk Ipak yo‘li merosi saqlanib qolgan mamlakat bilan tanishish imkonini beradi. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xiva tarixiy shaharlari asrlar davomida Yevropa, Osiyo va Afrikani bog‘lovchi muhim savdo markazlari bo‘lib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-oktyabr oylarida mamlakatga 9,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foizga ko‘pdir.