O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga soluvchi qonun kuchga kirdi

O‘zbekiston Prezidenti "Sun’iy intellektdan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi, unda sun’iy intellektni qo‘llashning asosiy jihatlari, jumladan, maqsadlar, tamoyillar, davlat siyosatining yo‘nalishlari va qoidabuzarliklar uchun javobgarlik tartibga solinadi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Qonunga ko‘ra, sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga solishning asosiy maqsadlari inson xavfsizligini ta’minlash, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, fuqarolarning boshqa daxlsiz huquqlari buzilishining oldini olishdan iborat. Qonun axborot resurslarini yaratishda va axborot tizimlarining ishlashida sun’iy intellektni qo‘llashning umumiy qoidalarini, shuningdek, "sun’iy intellekt" tushunchasi va ushbu sohadagi davlat siyosatining yo‘nalishlarini belgilaydi.
Hujjat bilan sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berish va ularni tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Qonun talablarini buzganlik uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishda foydalanilgan texnik vositalar ham musodara qilinishi lozim.