O‘zbekiston Prezidenti 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmatining maʼlumotiga ko‘ra, ushbu hujjat “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini taʼminlash hamda jamiyatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasizlik (nol darajadagi toqat) muhitini shakllantirish, shuningdek, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Strategiyada 2026-yil 1-fevraldan boshlab bolalarni ijtimoiy himoya qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, mamlakat hududlarida bosqichma-bosqich Bolalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etiladi.
Alohida eʼtibor ixtisoslashtirilgan ijtimoiy va psixologik dasturlar orqali bolalarni reabilitatsiya qilish hamda oilaviy munosabatlarni tiklashga qaratilgan.
Hujjat bilan jinoiy-protsessual sohada bolalar huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilandi. Xususan, 2026-yil sentyabrdan boshlab zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Bolaning takroriy ruhiy jarohat olishining oldini olish maqsadida protsessual harakatlarda vasiylik va homiylik organlarining majburiy ishtiroki hamda ko‘rsatmalarni videotasmaga tushirish tartibi joriy etiladi.
Bundan tashqari, zo‘ravonlik holatlari haqida xabar bermaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri raqamli texnologiyalarni joriy etish va idoralararo hamkorlikni kuchaytirishdir. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini hisobga olishning yagona elektron platformasi yaratiladi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish, sud va ijtimoiy soha organlari mutaxassislari uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.