Baxtiyor Saidov: O‘zbekiston YXHTni isloh qilishga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Vena shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
“Vena shahrida o‘tkazilgan YXHT Vazirlar kengashining 32-yig‘ilishida konstruktiv muloqot, mintaqaviy hamkorlik va yangilangan ko‘p tomonlama tizimga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqladik, – deb yozdi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘zining telegram-kanalida. – Xalqaro munosabatlarda bugungi kunda kuzatilayotgan chuqur bo‘linishni yengib o‘tish hamda o‘zaro ishonchni tiklash zaruratini alohida taʼkidladik.
Geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli mojarolar, kiber tahdidlar va iqlim bilan bog‘liq ofatlar chegaralar osha tobora ortib borayotgan bir paytda, YXHT kabi xalqaro institutlar o‘z asosiy vazifalarini yanada samarali bajarishni kuchaytirishi lozim.
O‘zbekiston tashkilotning samaradorligini oshirish, uning inklyuziv xarakterini saqlab qolish va bugungi chaqiriqlarga munosib javob berish qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan barcha saʼy-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, biz Markaziy Osiyoning o‘zaro ishonch, muloqot va manfaatli hamkorlikka asoslangan mintaqaga aylanish yo‘lidagi muvaffaqiyatli qadamlarini alohida qayd etdik. So‘nggi sakkiz yil ichida mintaqa davlatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari uzoq yillar davomida yechimi dolzarbligini yo‘qotmagan masalalarning hal etilishiga, iqtisodiy integratsiyaning jadallashishiga va o‘zaro bog‘liqlikning kuchayishiga xizmat qildi”.