O‘zbekiston va Ispaniya parlamentlararo hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Ispaniya parlamentlararo hamkorlik guruhining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Uchrashuvda do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, strategik sheriklikni chuqurlashtirish va parlamentlararo muloqotni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik barqaror o‘sish sur’atini namoyish etmoqda. Infratuzilma, sanoat va innovatsiya sohalarida umumiy qiymati 800 million dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 32 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani, o‘tgan yili O‘zbekistonga Ispaniyadan 23,6 ming sayyoh tashrif buyurgani, bu esa respublikaning madaniy va tarixiy merosiga qiziqish ortib borayotganini tasdiqlashi ma’lum qilindi.
Tomonlar parlamentlararo muloqot O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlarining asosiy elementi bo‘lib qolayotganini ta’kidladilar. Muhokamalar chog‘ida hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, qonun ijodkorligi faoliyatida muntazam fikr va tajriba almashish, parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘shma rejalar ishlab chiqish, Yoshlar parlamenti faoliyatini o‘rganish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha tashabbuslar taqdim etildi.
Ispaniya tomoni O‘zbekiston delegatsiyasining takliflarini qo‘llab-quvvatlab, ularning ikki davlat uchun ham muhimligini ta’kidladi. Senator Raul Dalmasio Valero Mexiya O‘zbekiston tomoni tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yoshlarni rivojlantirish va imkoniyatlar tengligini mustahkamlashda amaliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u bir mamlakatda amalga oshirilayotgan muvaffaqiyatli amaliyotlarni boshqa mamlakatda ham samarali qo‘llash mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi konstruktiv muloqotni kengaytirish va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.