O'zbekiston va Ispaniya qishloq xo'jaligi sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda

Shu kunlarda Ispaniyaning Kordova shahrida Qishloq xo'jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ishtirokida Xalqaro zaytun kengashining 122-sessiyasi bo'lib o'tmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tadbir doirasida Ispaniya qishloq xo'jaligi, baliqchilik va oziq-ovqat vaziri Luis Planas Puchades bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Tomonlar qishloq xo'jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, suv resurslari taqchilligi sharoitida samaradorlikni oshirish, tajriba almashishni kengaytirish bo'yicha amaliy takliflarni muhokama qildilar.
Unda respublikaning bog'dorchilik, sabzavotchilik, ayniqsa, gilos yetishtirish bo'yicha salohiyati batafsil taqdim etilib, sho'rlanish, suv tanqisligi va mintaqaning iqlim xususiyatlariga chidamli o'simlik navlari zarurligi ta'kidlandi.
Ispaniya tomoni, o'z navbatida, nuqtaviy sug'orish, "CRISPR" asosidagi seleksiya, qishloq xo'jaligi sug'urtasini rivojlantirish, shuningdek, ta'lim va ilmiy infratuzilma bo'yicha o'z tajribasi bilan o'rtoqlashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda kooperatsiyalarni rivojlantirish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni modernizatsiya qilish va eksport infratuzilmasini takomillashtirish bo'yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi. Ispaniya biznesining O'zbekistondagi zaytunchilik sohasiga sarmoya kiritishdan manfaatdorligi muhokamaning alohida yo'nalishi bo'ldi.
Shuningdek, bo'lajak davlat tashriflari arafasida institutlararo hamkorlikni kengaytirish va yangi qo'shma tashabbuslarni belgilash yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o'rtasidagi agrar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo'lida muhim qadam bo'ladigan anglashuv memorandumi imzolandi.