Omonxona qishlog'i BMT Turizm tashkilotining "Rivojlantirish dasturi"ga kiritildi

BMT Turizm tashkiloti tomonidan navbatdagi "Eng yaxshi turizm qishloqlari" loyihasi g'oliblari e'lon qilindi va ular orasida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlog'i ham bor, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Bu xalqaro e'tirof, O'zbekiston qishloq turizmini barqaror rivojlantirish yo'lidagi muhim qadam sifatida baholandi.
BMT Turizm tashkilotining ushbu global tashabbusi turizm qishloqlariga e'tiborni kuchaytirish, kichik qishloqlarning o'ziga xos madaniyati, urf-odatlari va tabiat go'zalliklarini asrab-avaylash maqsadida amalga oshiriladi.
Bu yilgi tanlovda Afrika, Amerika, Osiyo va Yevropadagi 65 ta mamlakatdan 270 dan ortiq nomzod qishloqlar qatnashdi.
Mamlakatimizdan Turizm qo'mitasi Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan Omonxona qishlog'i nomzodini taqdim etdi. Natijada Omonxona qishlog'i tanlov g'oliblaridan biri deb topilib, loyihaning "Rivojlantirish dasturi" ga kiritildi.
Omonxona qishlog'i o'zining tabiiy manzaralari, shifobaxsh buloqlari, tarixiy yodgorliklari, nomoddiy madaniy merosi hamda mehmondo'st aholisi bilan mashhur. Endi Omonxona qishlog'i mazkur xalqaro dastur doirasida infratuzilma, marketing va xizmat sifati bo'yicha xalqaro tajriba asosida rivojlantiriladi.