Karlos Uriarte Sanches: O'zbekiston va Qozog'iston strategik va ishonchli hamkorlikning yangi bosqichini boshlamoqda

Ispaniyadagi Umumevropa Ittifoqi prezidenti Karlos Uriarte Sanches "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasidagi do'stlik, o'zaro ishonch va keng ko'lamli hamkorlik aloqalari haqida fikr bildirdi:
– Ikki davlat yetakchilari o'rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan muzokaralar yuksak darajada tashkil etildi. Tomonlar geologiya, nodir yer metallarini qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini prognoz qilish bo'yicha ikki tomonlama ishchi guruhlarni tuzish to'g'risida qarorlar qabul qildi.
"Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat kooperatsiyasining ochilishi ikki qardosh xalq o'rtasidagi do'stlik aloqalarini yana-da mustahkamlaydi. Qolaversa, ikki davlat o'rtasida amalga oshiriladigan 1,3 milliard dollarlik qator muhim loyihalar o'zaro savdoning barqaror o'sishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, kimyo, geologiya, infratuzilma, logistika, agrosanoat va ko'plab boshqa sohalardagi loyihalarni o'z ichiga olgan Sanoat kooperatsiyasi dasturi tayyorlanishi ham mamlakatlar o'rtasidagi hamjihatlik aloqalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikki davlat yetakchilari nafaqat iqtisodiy sohadagi aloqalarni mustahkamlash bo'yicha, balki madaniy, gumanitar, ilm-fan, yoshlar kelajagi borasida ham keng ko'lamli loyihalarni amalga oshirish bo'yicha ham fikr-mulohaza almashganini ta'kidlash kerak. Xususan, fan va ta'lim muassasalari, yoshlar tashkilotlari o'rtasidagi almashinuvlarni davom ettirish, oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi qo'shma dasturlarni kengaytirishga kelishib olindi. Qo'shma sayyohlik yo'nalishlarini ishlab chiqish, O'zbekiston va Qozog'istonning tarixiy qadamjolari, boy madaniy va ma'naviy merosini ommalashtirish muhimligi ta'kidlandi.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsam, ikki davlat o'rtasidagi bunday nufuzli uchrashuvlar O'zbekiston va Qozog'istonning azaliy do'stlik aloqalarini mustahkamlashga, strategik va ishonchli hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarishga zamin yaratadi.