O‘zbekiston va Ispaniyaning mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash va global tahdidlarga qarshi turish borasidagi yondashuvlari muhokama qilindi

"Ispaniya va O‘zbekiston global tahdidlar qarshisida va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakat diplomatik va ilmiy-akademik doiralari, biznes va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvni "Casa Asia" direktori Xose Pinter va O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov ochib berdi. Madrid avtonom universiteti professori, Eron xalqlari bo‘yicha tadqiqot guruhi (GEPI) koordinatori, doktor Fernando Kamacho Padilya moderatorlik qildi.
Xose Pinter o‘z nutqida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqining energetika va transport xavfsizligi masalalarida asosiy strategik hamkori sifatidagi rolini ta’kidlab, Markaziy Osiyo uzoq vaqtdan beri Ispaniya jamiyatining ko‘proq e’tiboriga sazovor bo‘lganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, elchi Farrux Tursunov mamlakatlar o‘rtasidagi chuqur tarixiy aloqalarni eslatib, XV asr boshlarida Rui Gonsales de Klavixoning Samarqandga birinchi elchi etib tayinlanishi Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida madaniy muloqot davrini ochgan eng muhim diplomatik voqea bo‘lganini ta’kidladi.
Uchrashuvda siyosiy va xalqaro fanlar doktori, "UNIVERSAE" instituti direktori, Afg‘onistonning sobiq diplomati Said Hamed Vahdat Ahmadzoda ma’ruza qildi. Ma’ruzachi O‘zbekiston tashqi siyosatining 2016-yildan keyingi evolyutsiyasini tahlil qilib, asosiy e’tiborni Yevropa Ittifoqi, AQSH, Rossiya va Xitoy bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikka, shuningdek, mamlakatning xalqaro tashkilotlarda, jumladan, SHHT, CAREC va Yevropa Ittifoqining "GSP+" dasturida ishtirok etishiga qaratdi.
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert, Madrid avtonom universiteti doktoranti Darya Monastirskaya o‘z ma’ruzasini O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi diplomatik yutuqlariga bag‘ishladi. U respublika tashqi siyosatining tubdan o‘zgarayotgani - yakkalanib qolishdan ishonch va konstruktiv muloqotga asoslangan faol mintaqaviy diplomatiyaga o‘tilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Prezidentlarining uch tomonlama sammiti doirasida Xo‘jand shartnomasining imzolanishi eng muhim yutuq sifatida qayd etildi.
Kadis universiteti professori, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro markaz direktori Andres Santana madaniy va ta’lim loyihalarining xalq diplomatiyasidagi o‘rni haqida so‘zlab berdi. Kadis universiteti ko‘p yillardan buyon O‘zbekistondagi qator oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Professor Santana Kadis universiteti va "Casa Asia" tashkiloti tomonidan yosh tadqiqotchilarga taqdim etilayotgan "Rui Gonzales Klavixo" grantlari haqida so‘zlab berdi, ularning maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosati, iqtisodiyoti va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish, shuningdek, ushbu loyihalar natijalarini Ispaniyada keng auditoriyaga tarqatishdir.
Konferensiyaning yakuniy ma’ruzachisi, Madrid avtonom universiteti doktori Kristina De Lusio "Gender nuqtai nazaridan madaniy diplomatiya" mavzusida ma’ruza qildi. U O‘zbekistonning turli hududlarida hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan uch nafar ayol faoliyati haqida so‘zlab berdi. O‘zbek ayollari nafaqat oilaviy qadriyatlar posboni, balki xalq an’analarini avloddan-avlodga yetkazuvchi hunarmandlar, mahalliy, mintaqaviy va milliy darajadagi madaniyat vakillari ekanligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlikdagi roli oshgani va Markaziy Osiyoda yangi ishonch arxitekturasini shakllantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini qayd etdilar. Ekspertlarning chiqishlarida aynan O‘zbekiston zamonaviy Markaziy Osiyo uyg‘onishining harakatlantiruvchi kuchiga aylangani va muloqotning muvaffaqiyatli modelini xalqaro darajaga olib chiqishga tayyorligi haqida bir necha bor fikr bildirilgan.