Madridda "Ispaniya va O'zbekiston: xalqaro va mintaqaviy barqarorlik chorlovlari qarshisida" mavzusida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tadi

Shu yil 21 oktyabr kuni Madriddagi "Casa Asia" markazida "Ispaniya va O'zbekiston: xalqaro va mintaqaviy barqarorlik chorlovlari qarshisida" mavzusida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tadi.
Tadbir "Casa Asia" markazi, Madrid avtonom universiteti, Eron xalqlarini o'rganish guruhi (GEPI), Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo bo'yicha xalqaro universitet markazi (CUNEAC) tomonidan O'zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi ko'magida tashkil etilmoqda.
Davra suhbatida ikki mamlakatning diplomatik, ilmiy va ekspert doiralari vakillari ishtirok etadi. Unda energetika xavfsizligini ta’minlash, mintaqalararo bog'liqlikni rivojlantirish, shuningdek, madaniy diplomatiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni o'z ichiga olgan xalqaro va mintaqaviy ustuvor masalalarni muhokama qilish ko'zda tutilgan.
Tashkilotchilarga ko'ra, bu tashabbus Ispaniya va Yevropada Markaziy Osiyoga bo'lgan qiziqishning ortib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tinchliksevar va ochiq tashqi siyosat tamoyillariga muvofiq, O'zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan o'zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash yo'nalishini tasdiqlaydi.
Davra suhbati diplomatik va akademik doira vakillari o'rtasida fikr almashish uchun muhim maydon sifatida hamda turli sohalarda O'zbekiston – Ispaniya hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.