Qo'qon shahrida III Xalqaro hunarmandchilik festivali bo'lib o'tadi

Joriy yilning 19-21-sentyabr kunlari Farg'ona viloyatining Qo'qon shahrida III Xalqaro hunarmandchilik festivali bo'lib o'tadi.
Festival O'zbekiston Prezidentining 2018-yil 1-noyabrdagi "Xalqaro hunarmandchilik festivalini o'tkazish to'g'risida"gi hamda 2021-yil 23-avgustdagi "Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko'rgazma-savdosini o'tkazish to'g'risida" qarorlari asosida tashkil etilyapti.
Unda dunyoning 70 davlatidan 278 nafar xorijiy mehmon qatnashishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yurtimizning barcha hududlaridan mahalliy hunarmand ham ishtirok etadi.
Festival doirasida bir qator tadbirlar, festival ishtirokchilarining tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko'rgazma-savdosi, ilmiy konferensiya, festivalni o'tkazish va yakunlari bo'yicha matbuot anjumanlari, xalqaro va o'zbekistonlik hunarmand-dizaynerlar ishtirokidagi modalar namoyishi, xalq sayllari, qo'g'irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari va Qo'qon shahrining madaniy-ko'ngilochar joylari va turistik marshrutlari bo'ylab sayohat o'tkaziladi.
Xalqaro hunarmandchilik festivalining o'tkazilishi natijalariga ko'ra, Qo'qon shahriga sayyohlar oqimi 10 barobarga, hunarmandlar soni 3,5 barobarga, mehmonxonalar 2,5 barobarga oshdi.
Jahon hunarmandchilik kengashining 2019-yilning 23-iyulidagi qaroriga ko'ra, Qo'qon shahriga yog'och o'ymakorligi bo'yicha Hunarmandchilik shahri maqomi berilgan.