Olimlar O‘zbekiston hududida dastlabki o‘q-yoy taxminan 80 ming yil oldin paydo bo‘lganini tasdiqladilar.

O‘zbekistondagi Obirahmat arxeologik yodgorligida olib borilgan ko‘p yillik izlanishlar natijasida kamon o‘qining uchiga o‘xshash uchburchak shaklidagi kichik buyumlar topilgan. Ushbu tadqiqot natijalari PLOS One jurnalida chop etildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi olimlari uzoq vaqtdan beri tosh asri Obirahmat g‘orida qazishma ishlarini olib bormoqda.
Ushbu g‘ordan yillar davomida qazib olingan tosh buyumlar 2024-yilda markaz olimlari tomonidan fransuz va rossiyalik arxeologlar bilan birgalikda qayta tahlil qilindi.
Qayd etilishicha, ushbu tosh buyumlar dunyoning boshqa joylaridan topilgan buyumlar bilan solishtirilganda, ular haqiqatan ham o‘q uchlari ekanligi ma’lum bo‘lgan. Eng muhimi, bunday buyumlarning eng qadimgilari Obirahmatda yasalgan buyumlardan 25 ming yil keyin yasalgan.
Shunday qilib, bugungi kunda dunyo olimlari insoniyat tarixidagi dastlabki o‘q-yoy taxminan 80 ming yil avval yaratilganligi va arxeologlar tomonidan O‘zbekiston hududidan topilganligini tasdiqlamoqdalar va e’tirof etmoqdalar.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, ular taxminan 80 ming yillik tarixga ega bo‘lgan o‘q uchlaridan boshqa narsa emas. Bunday xulosa tosh uchburchaklar yuzasidagi yeyilish izlari, ularning shakli va boshqa xususiyatlariga asoslanadi.
Shu paytgacha kamon va o‘q Yevrosiyoda faqat so‘nggi tosh asrida (40-12 ming yil avval), Afrikada esa hozirgi zamon odami ulardan o‘rta paleolit davrida (70-80 ming yil avval) foydalangan va bunday topilmalar faqat Afrikaning qadimgi xalqlariga xos deb hisoblanar edi.
Biroq, O‘zbekistonning shimoli-sharqidagi Tyan-Shanning g‘arbiy etaklarida joylashgan Obirahmat yodgorliklarining yangi tahlili bu fikrlarni o‘zgartiradi.
Bu Afrikadan tashqarida masofadan (kontaktsiz) ov qilishning eng qadimgi dalillaridan biridir. Kamon va o‘qdan foydalanishning boshqa qadimiy izlari bir necha yil oldin Fransiyada topilgan.