Toshkentda "O'zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa – umumiy rivojlanish yo'lida hamkorlik" shiori ostida yuqori darajadagi uchrashuv bo'lib o'tmoqda

Joriy yilning 18-19-avgust kunlari Toshkentda "Umumiy taraqqiyot yo'lida hamkorlik" shiori ostida O'zbekiston, Ozarbayjon va Yevropa yuqori darajadagi uchrashuvi o'tkazilyapti.
Tadbir O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligi, Nizomiy Ganjaviy xalqaro markazi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi ko'magida tashkil qilindi.
Forumda Norvegiya, Bosniya va Gersegovina, Bolgariya, Latviya, Xorvatiya, Avstriya, Chexiya davlatlarining sobiq rahbarlari hamda BMT, Jahon banki, SHHT kabi tashkilotlarning 40 dan ortiq vakillari ishtirok etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev anjuman ishtirokchilariga murojaat yo'lladi. Uni davlatimiz rahbarining maslahatchisi Abdulaziz Komilov o'qib eshittirdi.
O'zbekiston yetakchisi Nizomiy Ganjaviy markazining xalqaro kun tartibini o'rganishdagi faolligini ta'kidlab, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning o'zaro bog'lanishiga doir masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ushbu mintaqalar bilan Yevropa aloqalarini rivojlantirish istiqbollarining ahamiyatini alohida urg'uladi.