O'zbekistonning 70 dan ortiq turkompaniyalari o'zlarining shartnoma hujjatlarini Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksi tavsiyalari asosida qayta shakllantirdi

Joriy yilning 24-fevralida O'zbekiston tomoni rasman qo'shilgan Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksi qoidalarini izchil ravishda amalga oshirishni davom ettirmoqda.
Turizm qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, sayyohlar xavfsizligi va huquqlarini ta'minlash bo'yicha xalqaro majburiyatlarni zimmasiga olgan holda, respublika Kodeks normalarini milliy turizm siyosati va tadbirkorlik amaliyotiga tatbiq etishning faol bosqichiga o'tdi.
Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qonunchilik, shartnomaviy amaliyot va xizmat ko'rsatish standartlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqlashtirish ko'zda tutilgan "Kodeks normalarini joriy etish bo'yicha yo'l xaritasi" ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Turizm biznesi vakillari ishtirokida o'tkazilayotgan tadbirlar doirasida Kodeks normalari va qoidalari bo'yicha barqaror tushunchalarni shakllantirish yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Tadbirkorlar shartnomalarda sayyohlar xavfsizligini ta'minlash va huquqlarini himoya qilish bilan bog'liq masalalarni yanada aniqroq aks ettirishga rag'batlantirilmoqda.
Bugungi kunga kelib 70 dan ortiq turistik faoliyat subyektlari o'zlarining shartnoma hujjatlariga o'zgartirishlar kiritib, asosiy qoidalarni Sayyohlarni himoya qilish xalqaro kodeksi tavsiyalarini inobatga olgan holda qayta shakllantirdilar.
Kodeksning amaliyotda qo'llanilishi O'zbekistonning xalqaro sayohatlar uchun ishonchli va mas'uliyatli yo'nalish sifatida imijini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Respublika sayyohlar uchun xavfsiz, qulay va huquqlari himoyalangan muhit yaratish yo'lida izchil harakat qilmoqda. Bu, ayniqsa, turistlar oqimining o'sishi va O'zbekistonning jahon sayyohlik bozorida faol targ'ib qilinishi sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.