O'zbekiston Ispaniya jamoatchiligi o'rtasida noyob sayyohlik yo'nalishi sifatida yanada ommalashtiriladi

O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Butunjahon turizm jurnalistlari federatsiyasi ("FIJET Spain") prezidenti Migel Anxel Gonsales bilan uchrashuv o'tkazdilar.
Muloqot chog'ida sayyohlik jurnalistikasi sohasida ikki tomonlama hamkorlik, tajriba almashish, O'zbekistonni Ispaniya va xalqaro jamoatchilik orasida noyob sayyohlik yo'nalishi sifatida ommalashtirishga qaratilgan qo'shma targ'ibot loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O'zbekistonning yorqin va serqirra qiyofasini, uning go'zal tabiati, milliy taomlari, qadimiy an'ana va urf-odatlari, me'moriy va tarixiy-madaniy yodgorliklari, zamonaviy infratuzilma obyektlari, shuningdek, o'zbek xalqining sayyohlarga bo'lgan iliq munosabatini ochib beruvchi turkum materiallar tayyorlash va tarqatishga kelishib oldilar.
Ispaniya tomoni turizm sohasini yorituvchi yetakchi ispan jurnalistlarining O'zbekistonga press-turini tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Ushbu press-tur davomida ispan ommaviy axborot vositalari vakillari mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, diqqatga sazovor joylari va yurtimizning zamonaviy taraqqiyoti bilan tanishishlari mumkin bo'ladi.
"FIJET Spain" prezidenti ushbu sayohatlar va taassurotlarni o'zlarining bosma va elektron nashrlarida hamda nufuzli xalqaro sayyohlik platformalarida keng yoritishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Erishilgan kelishuvlar O'zbekistonning Ispaniya va xalqaro miqyosda jozibador sayyohlik yo'nalishi sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo'shishi kutilmoqda.