O'zbekiston delegatsiyasi Portugaliyada bo'lib o'tayotgan YEXHT Parlament assambleyasining yillik sessiyasida ishtirok etmoqda

"Dunyo" AA xabar berishicha, shu yilning 29-iyun – 3-iyul kunlari Portugaliyaning Portu shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasining (YEXHT PA) 32-yillik sessiyasi bo'lib o'tmoqda.
Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, nufuzli anjumanda Shimoliy Amerika, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 200 dan ortiq parlament a'zolari ishtirok etmoqda.
Mazkur sessiyada O'zbekiston delegatsiyasi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligida qatnashmoqda.
Delegatsiya Assambleyaning ochilishi marosimi, yalpi yig'ilishlari hamda qo'mita majlislarida ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishi marosimida YEXHT PA prezidenti Pia Kauman nutq so'zlab, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatning xalqaro maydondagi faol ishtirokiga yuqori baho berdi. Shuningdek, O'zbekistonda o'tkazilgan so'nggi parlament saylovi YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi tomonidan xalqaro standartlarga mos, ijobiy baholangani ta'kidlandi.
Sessiya doirasida O'zbekiston delegatsiyasining YEXHT PA bosh kotibi Roberto Montella bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. Suhbat chog'ida O'zbekiston bilan YEXHT Parlament assambleyasi o'rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasi YEXHT PAning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Farim Karimiy va mintaqa davlatlari parlamentlari vakillari ishtirokidagi maslahatlashuv uchrashuvida ham qatnashdi. Uchrashuvda YEXHT PA doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlament guruhini tuzish, mintaqaviy muloqotni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O'zbekiston delegatsiyasi Ipak yo'li guruhi yig'ilishida ham ishtirok etdi. Yig'ilishda mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shu munosabat bilan delegatsiya tomonidan ushbu guruh doirasida mamlakatimizda akademik tadbir o'tkazish tashabbusi ilgari surildi va bu taklifni amaliy jihatdan ishlab chiqishga kelishib olindi.
O'zbekiston delegatsiyasining YEXHT Parlament assambleyasi sessiyasidagi ishtiroki 3 iyulgacha davom etadi.