Slovakiya Bosh vaziri O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso 8-10-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston-Slovakiya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ustuvor yo‘nalishlar - savdo, investitsiya va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika, turizm sohalarida sheriklikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama maydonlarda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Yetakchilar huzurida ikki tomonlama hujjatlar, xususan:
- diplomatik kadrlar tayyorlash to‘g‘risida;
- qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- standartlashtirish, metrologiya va tovarlarning muvofiqligini baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida;
- energetika bozorlarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
- 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
- 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan standartlashtirish sohasidagi hamkorlik dasturi almashildi.
Tashrif doirasida Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etdi.