“Mahalliy aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning Samarqand deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi
O‘zbekiston mahalla instituti to‘g‘risidagi hujjat BMT Bosh Assambleyasi rasmiy hujjati sifatida ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillarida tarqatildi.
O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi maʼlumotiga ko‘ra, hujjat tashkilot jurnalida uning barcha rasmiy tillarida eʼlon qilingan hamda aʼzo davlatlar va tashkilotning tarkibiy bo‘linmalari o‘rtasida keng tarqaldi.
BMTning rasmiy hujjati 2024 yil 2-5 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Mahalliy aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining Samarqand deklaratsiyasiga asoslanadi.
Unda mahallaning jamiyatda tinchlik va totuvlikni taʼminlash, yoshlar o‘rtasida insonparvarlik qadriyatlarini targ‘ib etish, avlodlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shayotgan noyob institut sifatidagi faoliyati batafsil yoritilgan.
BMT tomonidan eʼlon qilingan materialda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahallaning jamiyatdagi mavqeini oshirish, uning rolini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan izchil hamda tizimli islohotlar, shuningdek, uning aholi muammolarini hal etishda asosiy va muhim bo‘g‘in sifatida ishlashini taʼminlash bo‘yicha vazifalar qayd etilgan.
Ayniqsa, mahalla bugungi kunda jamiyatning barcha jabhalarini islohotlarni amalga oshirishga safarbar etuvchi faol va taʼsirchan ijtimoiy tuzilmaga, aholi o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini, muammolarini izhor etish, yechim topish uchun qulay maskanga aylangani alohida taʼkidlanadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash orqali kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish orqali xotin-qizlarni, yoshlarni, jamiyatning barcha qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda mahallalarning muhim o‘rin tutishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
BMT hujjatiga ko‘ra, mahallaning BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi rolini sezilarli darajada kuchaytirish zarur. BMT tuzilmalari, jamg‘armalari va dasturlari mahallani ushbu mamlakatda bolalar uchun bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi narsalar uchun asosiy manzil va Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani amalga oshirish uchun kuchli platforma sifatida qaralishi taʼkidlandi.
“YUNISEF mahallani o‘g‘il-qizlar, jumladan, nogiron bolalar sog‘lom ulg‘ayishi, to‘g‘ri ovqatlanishi, toza suv va sanitariya sharoitlari, bezorilik va zo‘ravonliklardan xoli yashashi, toza havodan nafas olishi mumkin bo‘lgan xavfsiz muhit sifatida ko‘radi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mahallalarni fuqarolik jamiyatining muhim elementi sifatida eʼtirof etib, ularni adolat tamoyillariga asoslangan dasturlar orqali qo‘llab-quvvatlaydi”, – deyiladi hujjatda.
Xalqaro tashviqotni kuchaytirish va jahon hamjamiyatini mahallaning o‘zini o‘zi boshqarish tizimi bilan yaqindan tanishtirish va xalqaro o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.