Aholini uy-joy bilan ta’minlash ko‘lami yanada kengayadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-aprel kuni yangi uy-joylar qurilishi va 2023-yilgi ipoteka dasturi bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
So‘nggi olti yilda mamlakatimiz aholisi 5 million 500 ming nafarga o‘sib, 36 milliondan oshdi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida turar joylar qurilmoqda.
Xususan, 2017-yildan boshlab, 326 mingta yangi uylar foydalanishga topshirilgan. Bu davrda uy-joy bilan ta’minlash aholi jon boshiga 18 foizga oshgan.
Buning uchun so‘nggi uch yilda banklar 210 ming oilaga 33 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratgan. Ehtiyojmand 73 ming oilaga boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari uchun 1,3 trillion so‘m subsidiya berilgan.
Sohaga bozor tamoyillari joriy qilingani natijasida yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar shakllandi. Yig‘ma temir-betonli ko‘p qavatli uylar quruvchi 11 ta yirik klaster paydo bo‘ldi. Tadbirkorlarga sharoit yaratilgani tufayli sement, gazoblok, kafel, keramogranit ishlab chiqarish ko‘payib, ularning narxi ancha arzonlashdi.
Bu ishlar izchil davom ettirilib, o‘tgan yili 60 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etildi. 31 ta hududda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish dasturi boshlandi.
Yig‘ilishda avvalo ushbu dastur ijrosi tanqidiy muhokama qilindi. Andijon va Xorazmda yer to‘g‘ri tanlangani, infratuzilma yaratilgani natijasida qurilish jadal ketayotgani, lekin qolgan viloyatlarda bu ishlar kechikayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyati hokimlarining qurilish bo‘yicha o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy chora ko‘rildi. Mutasaddilarga infratuzilma, qurilish va sotuv bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Umuman, joriy yilda uy-joy qurish hajmini 1,5 baravar oshirib, 90 mingga yetkazish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari bu ishlar har bir viloyat iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘sishiga katta turtki berishini ta’kidladi. Shu bois aholi va quruvchilar uchun 4 ta yo‘nalishda yangi yengillik va imkoniyatlar belgilandi.
Birinchidan, ko‘proq aholini qamrab olish maqsadida rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratiladi. Ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadi.
Dastlabki badalni ko‘proq to‘lagan fuqarolar bankdan arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Subsidiyaga ajratilgan mablag‘larni tezroq ishlatish uchun subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga tushiriladi. Shu bilan birga, bu oylar davomida sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi beriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ipoteka krediti uchun mablag‘ hamda subsidiya ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlashga qaratilgan yana bir loyiha – “Mening birinchi uyim” dasturi. Buning uchun Qurilish vazirligi huzurida maxsus uy-joy kompaniyasi tashkil etiladi. Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 36 gektar yer ajratilib, 58 ta ko‘p qavatli uy, ijtimoiy muassasalar, ko‘ngilochar maskanlar quriladi. Bunda tadbirkorlarga savdo va tijorat maydonlarini bozor narxida sotish orqali uy-joylar narxini arzonlashtirishga erishiladi.
Mutasaddilarga ushbu shaharchaning master rejasini yakunlab, ekspert va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Ikkinchidan, qurilish tannarxini pasaytirish uchun yog‘och, fanera, yog‘ochli opalubka va oynani import qilishda 2025 yilga qadar bojxona boji bekor qilinadi. Yuqori markali sement bo‘yicha bojxona boji imtiyozi yana 1 yilga uzaytiriladi. Buning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha pasayadi.
Pudratchi tashkilotlarga qurilayotgan uyni qavatma-qavat garovga qo‘yish va har bir qavati uchun kredit olish huquqi beriladi. Quruvchi kompaniyalarga har bir ko‘p qavatli uy uchun kompensatsiya va kafillik beriladi.
Banklar beradigan kreditlarni davlat tomonidan qayta moliyalash amaliyoti davom ettiriladi.
Uchinchidan, uy-joylarning o‘z vaqtida foydalanishga topshirilishi va xaridorgirligida kommunikatsiya asosiy masala. Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligiga infratuzilma uchun zarur mablag‘ ajratish, viloyat hokimlariga yangi massivlarda ichki yo‘llarni qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eski uylar ko‘p bo‘lgan shaharlarda renovatsiya dasturiga talab ortayapti. Davlatimiz rahbari buning huquqiy poydevori bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, “Renovatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif etdi.
Yana bir masala – bugungi kunda ko‘p joylardagi qurilishlar ularning infratuzilmasi quvvatiga mutanosib emas. Misol uchun, Toshkent shahrining aholisi har yili 100 mingga ko‘paymoqda, yiliga qo‘shimcha 20 ming xonadonga ehtiyoj bor. Shahar oqova suv tozalash inshootlari quvvatidan ancha ortiq yuklama bilan ishlayapti.
Shuning uchun endi suv, oqova, elektr, gaz, yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga investor-developerlar ham jalb qilinishi mumkinligi aytildi.
To‘rtinchidan, bu yil 90 mingta uy-joy rejasi qurilish materiallari korxonalari uchun katta bozor. Lekin temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘qligi qayd etildi.
Prezidentimiz bu mahsulotlar uylar sifatiga ta’sir qiluvchi asosiy omil ekanini ta’kidlab, barcha shunday korxonalarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil qilish talabini qo‘ydi.
So‘nggi oylarda dunyoda ham, mintaqamizda ham seysmik faollik kuzatilayapti. Shu bois 1 maydan boshlab, qurilish mo‘ljallangan maydonda muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘lishi, seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlar faqat reytingi baland korxonalar tomonidan qurilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari shaharlarning drenaj tizimida yuzaga kelayotgan muammolarga ham to‘xtalib, buni hal etish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
– Ipoteka – ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan muhim masala. Shuning uchun qurilish ishlarini jadallashtirib, xalqimizga uylarni sifatli qilib topshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.