Elchixonaning vaqtincha konsullik ro'yxatida turuvchi a'zolari uchun pasport rasmiylashtirish/almashtirish.
Ispaniya va Portugaliyada vaqtincha istiqomat qilayotgan va Elchixonaning vaqtincha konsullik ro’yxatidan o’tgan fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish/almashish
O'zbekistonning Madriddagi Elchixonasining konsullik bo'limi Elchixonada vaqtincha ro’yxatdan o'tgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga biometrik pasportlarni rasmiylashtiradi/almashtiradi.
DIQQAT! Agar fuqaro yoki voyaga yetmagan shaxs Elchixona vaqtincha konsullik ro'yxatidan o'tmagan bo'lsa, bu holda avval vaqtincha konsullik ro'yxatidan o'tishi talab etiladi. (vaqtincha konsullik ro'yxatdan o'tish tartibi). So'ngra pasport uchun hujjatlar qabul qilinadi.
Pasport rasmiylashtirish uchun murojaat etuvchining shaxsan Elchixonaga tashrif buyurishi talab etiladi.
Xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun quyidagi hujjatlarni Elchixonaning konsullik bo'limiga taqdim etish kerak:
1. Xorijga chiqish biometrik pasportini berish to'g'risidagi ANKETA-ariza. Ariza shaklini bosmadan chiqarib bosma harflar bilan o'zbek yoki rus tillarida to'ldirilishi kerak. Har bir ustundagi tafsilotlar to'liq to'ldirilgan ariza haqiqiy deb hisoblanadi (ariza shaklini bosmalash).
2. Pasportning asl nusxasi (biometrik bo'lmagan, biometrik va/yoki xorijga chiqish biometrik) va barcha sahifalardan nusxa (bo'sh sahifalar bundan mustasno). A4 formatdagi varaqning bitta sahifasida 2 sahifani tushirish mumkin.
3. 3,5 x 4,5 sm o'lchamdagi fotosurat (2 dona).
4. Xorijga chiqish maqsadidan kelib chiqib, qo'shimcha quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) xizmat safarida bo’lsa:
- chet elga chiqish to'g'risidagi buyruq yoki guvohnoma nusxasi;
b) tahsil olish:
- o'qish joyidan o'qish yo'nalishi va davomiyligi to'g'risidagi ma'lumotnoma (rus yoki o'zbek tillarida);
- talabalik guvohnomasining nusxasi.
c) davolanish uchun:
- qabul qiluvchi mamlakatning tibbiy muassasasi tomonidan berilgan taklifnomaning nusxasi;
- bemorni tibbiy ko'rikdan o'tganligi to'g'risidagi tibbiy muassasaning ma’lumotnomasi nusxasi;
d) mehnat faoliyati bilan shug’ullanish:
- ish joyidan ish joyining davomiyligi va lavozimi to'g'risidagi ma'lumotnoma (rus yoki o'zbek tillarida);
- yoki mehnat shartnomasining nusxasi (rus yoki o'zbek tillarida);
e) oilaviy birlashish uchun.
- agar turmush qurgan bo'lsan, nikoh to'g'risidagi guvohnoma nusxasi;
- agar shaxs 16 yoshga to'lmagan bo'lsa, ota-onalarning pasportlari nusxalari;
- agar yangi tug'ilgan chaqaloq bo'lsa, tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomaning nusxasi.
5. Ariza beruvchining ushbu hududda qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat. Xususan, pasportdagi tegishli stiker, viza, yashash huquqi, vaqtincha yashash huquqi, mahalliy hokimiyat ma’lumotnomalari, elektron guvohnoma yoki Ispaniya va Portugaliya vakolatli idoralarining arizachiga yashashga ruxsat berilganligini bildiruvchi alohida ma’lumotnoma (asl nusxasi). Ushbu turlarning barchasi qasamyod qilgan tarjimon tomonidan o'zbek yoki rus tillariga tarjima qilinishi kerak.
6. Harbiy guvohnoma yoki ro'yxatga olish guvohnomasining nusxasi, yoki mudofaa bo’limining belgilangan tartibdagi ma’lumotnomasi (harbiy hizmatga majburlar uchun). Ushbu ma’lumotnomani olish uchun doimiy ro'yxatdan o'tgan tumanda joylashgan O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mudofaa bo’limiga murojaat qilish zarur (harbiy ro'yxatga olish va xizmatga qabul qilish boshqarmasi).
7. Agar pasportni olish/almashtirish uchun o'z vaqtida ariza berilmagan bo‘lsa (pasportning amal qilish muddati tugagan holatda), vaziyat va sabablar batafsil tushuntirilgan konsul nomiga yozma tushuntirish xati berilishi kerak (shaklni yuklab oling). Pasport olish bo‘yicha o'z vaqtida murojjat qilinmagan bo’lsa (bir oydan ortiq) 18 yoshdan boshlab har bir kalendar yil uchun 50 evro jarima undiriladi. Belgilangan jarima to'langanligi to'g'risidagi kvitansiya qolgan hujjatlar bilan birga alohida biriktiriladi.
8. Taqdim etgan yuqoridagi hujjatlaringiz uchun fayl - 2 dona (namuna).
9. Konsullik yig'imi to'langanligi to'g'risida kvitansiya - 170 evro;
Voyaga etmagan shaxslar uchun.
Voyaga etmagan va 16 yoshga to'lguniga qadar xorijga chiqish biometrik pasportini olmagan, ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan Elchixonada doimiy ro’yxatdan o'tgan shaxslar uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
1. Xorijga chiqish biometrik pasportini berish to'g'risidagi ANKETA-ariza. Ariza shaklini bosmadan chiqarib bosma harflar bilan o'zbek yoki rus tillarida to'ldirilishi kerak. Har bir ustundagi tafsilotlar to'liq to'ldirilgan ariza haqiqiy deb hisoblanadi (ariza shaklini bosib chiqarish).
2. Tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomaning asli va nusxasi (voyaga etmagan va 16 yoshga to'lguniga qadar xorijga chiqish biometrik pasportini olmagan shaxslar uchun). Tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomalar:
a) O'zbekistonda FHDYO tomonidan yoki xorijdagi O'zbekistonning konsullik muassasalarida berilgan tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma (Legalizatsiya yoki Apostil talab qilinmaydi);
b) Ispaniya va Portugaliyaning FHDYO idoralari tomonidan berilgan tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnoma. Legalizatsiya to'g'risidagi Gaaga bitimi doirasida hujjatlar o'zaro tan olinishi sababli, ushbu hujjat tegishli idoralarda Apostil qilinadi (Apostil muhri bosilishi). Shundan keyingina hujjat O'zbekiston hukumati tomonidan tan olinadi.
Legalizatsiya va Apostil qilingan Tug'ilganlik haqidagi guvohnoma qasamyod qilgan tarjimon tomonidan rus yoki o'zbek tiliga tarjima qilinishi kerak.
Agar hujjat Legalizatsiya qilinsa Apostil talab qilinmaydi yoki aksincha Apostil qilingan hujjat Legalizatsiya qilinmaydi.
3. Agar amaldagi pasporti mavjud bo’lsa, pasportning asl nusxasi (biometrik bo'lmagan, biometrik va/yoki xorijga chiqish biometrik) va barcha sahifalardan nusxa (bo'sh sahifalar bundan mustasno). A4 formatdagi varaqning bitta sahifasida 2 sahifani tushirish mumkin.
4. 3,5 x 4,5 sm o'lchamdagi fotosurat (2 dona).
5. Voyaga etmaganning ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining pasportlari (biometrik bo'lmagan, biometrik va/yoki xorijga chiqish biometric) nusxalari (16 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun) - xorijga chiqish biometrik pasportini birinchi marta olish uchun. Agar ota-onadan birining pasportini taqdim etishning iloji bo'lmasa, tegishli hujjat taqdim etiladi, xususan:
a) o'lim to'g'risidagi guvohnoma;
b) ajralish to'g'risidagi guvohnoma yoki nikohni bekor qilinganligi haqidagi sud qaroridan ko'chirma (nusxa);
c) ota-onalardan birini yo'qolgan yoki o'lgan deb tan olinganligi to'g'risida vakolatli idoralarning ma'lumotnomasi;
d) bolani yolg'iz ota-onaga qaram deb topish to'g'risida;
e) qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligiga muvofiq boshqa hujjat;
6. Ariza beruvchining/ota-onaning yoki voyaga etmaganning boshqa qonuniy vakilining ushbu hududda qonuniyligini tasdiqlovchi hujjat (16 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun). Xususan, pasportdagi tegishli stiker, viza, yashash huquqi, vaqtincha yashash huquqi, mahalliy hokimiyat ma’lumotnomalari, elektron guvohnoma yoki Ispaniya va Portugaliya vakolatli idoralarining arizachiga yashashga ruxsat berilganligini bildiruvchi alohida ma’lumotnoma (asl nusxasi). Ushbu turlarning barchasi qasamyod qilgan tarjimon tomonidan o'zbek yoki rus tillariga tarjima qilinishi kerak.
7. Agar ota-onalardan biri xorij fuqarosi bo’lsa, uning bolaning xorijga chiqish biometrik pasportini olishga e'tirozi yo’qligini tasdiqlovchi notarial tasdiqlangan arizasi. Agar xorijlik ota yoki onaning arizasi yashash mamlakati tilida tuzilgan bo'lsa, unda ushbu hujjat qasamyod qilgan tarjimon tomonidan rus va o'zbek tillariga tarjima qilinishi kerak;
8. O'zbekiston Respublikasi hududida doimiy propiskada bo'lgan/yashaydigan ota yoki onaning notarial tasdiqlangan roziligi (agar 16 yoshga to'lmagan shaxs ota yoki ona bilan birga vaqtinchalik konsullik ro’xatida turgan bo'lsa).
9. Ota-ona yoki boshqa hamrohlik qilayotgan shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati.
10. Taqdim etgan yuqoridagi hujjatlaringiz uchun fayl - 2 dona (namuna).
11. To’lov kvitansiyasi - 20 evro.
Familiyasi, ismi, otasining ismi, tug'ilgan sana, jinsi o'zgarishi yoki yozuvlardagi xatolar va noaniqliklar aniqlanishi munosabati bilan xorijga chiqish biometrik pasportini almashtirishda, fuqaro ushbu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni konsullik muassasasiga taqdim etadi.
Ta'kidlash joizki, Elchixonaning konsullik bo'limi, agar zarur deb bilsa, yuqoridagi ro'yxatda ko'rsatilmagan boshqa hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.
Xorijda nikoh yoki ajrashish holatida, nikoh yoki ajralish to'g'risidagi guvohnomaning asl nusxasini legalizatsiya qilingan holatda (Ispaniyada) yoki Apostil qo'yilgan (Apostil - Portugaliya vakolatli organlarida) ushbu hujjatning belgilangan nusxasida taqdim etilishi kerak.
Ba'zi hollarda, konsullik bo’limi boshqa fuqaroligi yo'qligini tasdiqlovchi hujjatni aslini tarjimon tomonidan o'zbek yoki rus tillariga tarjimasi bilan belgilangan tartibda tasdiqlangan holda so'rashga haqlidir.
MUHIM!
1. Xorijda vaqtincha bo'lib turgan va Elchixonada vaqtincha konsullik ro’yxatida turmagan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari xorijga chiqish biometrik pasporti yoki O'zbekiston Respublikasiga qaytish guvohnomani olish uchun Elchixonaga murojaat qiladilar. Bunday holda hujjatlarni rasmiylashtirish O'zbekiston Respublikasining tegishli huquqni muhofaza qilish idoralari va maxsus vakolatli davlat idorasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
2. O'zbekiston Respublikasining Konsullik muassasalarida konsullik ro’xatidan o’tmagan va nobiometrik namunadagi O'zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti bilan xorijga chiqish biometrik pasportini olish bo’yicha fuqarolarning murojaatlari O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti bilan yozma ravishda kelishuvidan so'ng alohida ko'rib chiqiladi.
Elchixonadagi barcha konsullik harakatlari uchun to'lov:
- elchixonada qabul vaqtida bank to'lov kartasi bilan;
- elchixonaga qabulga kelishdan oldin pul o'tkazish yo'li bilan, bunda to'lov kvitansiyasi nusxasi hujjatlarga ilova qilinadi.
O'zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi Elchixonasining rekvizitlari:
Embajada de Uzbekistan
CAIXABANK, S.A.
Foreign currency: Euros
IBAN ES22 2100 6704 0202 0009 0842
SWIFT / BIC: CAIXESBBXXX
Plaza de Colón, 1, 28001 Madrid, Madrid.