“Qadring baland boʼlsin, ona tilim” shiori ostida Respublika tanlovi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan hamkorlikda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” shiori ostida Respublika tanlovini eʼlon qiladi.
Tanlovning asosiy maqsadi o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish, unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, yana muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga ijodiy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.
Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar aholi hamda yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyati, yozma va og‘zaki savodxonligini oshirish, yosh avlodda o‘zbek tiliga nisbatan milliy g‘urur hissini shakllantirish, ular qalbida umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtiromni tarbiyalashga, Shuningdek, ijodiy ishlarda chet ellardagi vatandoshlarimiz va o‘zbek tilini sevuvchi xorijliklarning o‘zbek tiliga muhabbati va eʼtiborini namoyish etish, o‘zbek tilining amaldagi xalqaro mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
O‘zbek tilining amaldagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek, davlat tiliga oid muammolarni hal etishga keng jamoatchilikning ijodiy yondashuvini rivojlantirish; taʼlim muassasalari, davlat idoralari, mehnat jamoalarida namoyish etish hamda xalq orasida keng ommalashtirish uchun o‘zbek tili va adabiyotiga doir ijodiy ishlar jamlanmasini yaratish; iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ularning davlat tilini targ‘ib qiluvchi ijod namunalarini rag‘batlantirish va ommalashtirish tanlovning asosiy maqsadlaridir.
TАNLOV quyidagi nominatsiyalarda o‘tkaziladi:
1. Eng yaxshi badiiy asar (sheʼriy asar – 30 misragacha; nasriy hikoya – hajmi 3600 bosma belgigacha).
2. Eng yaxshi publitsistik maqola (ocherk, lavha – hajmi 5400 bosma belgigacha).
3. O‘zbek tilining xorijdagi eng yaxshi targ‘iboti (o‘zbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda o‘zbek tilini targ‘ib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar).
4. Eng yaxshi ijtimoiy roliklar (audio, videorolikning davomiyligi 3 daqiqagacha).
Tanlov g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.
Eng namunali, g‘oyaviy-badiiy pishiq ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etiladi.
Ijodiy ishlar shu yilning 20-sentyabriga qadar “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim” sarlavhasi ostida info@til.gov.uz elektron pochtasi yoki @tiluz_Bot telegram manzili orqali onlayn qabul qilinadi.
Tanlov yuzasidan qo‘shimcha maʼlumotlarni www.til.gov.uz, www.manaviyat.uz saytlari hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining tanlov bo‘yicha masʼul xodimlari Muhtarama Ulug‘ova (99 847-69-41), Dilmurod Do‘stbekov (97 752-33-99) bilan telefon orqali bog‘lanib olishingiz mumkin.
Tanlov Nizomi haqida bu yerda batafsil ma'lumot olishingiz mumkin:
http://til.gov.uz/uz/literature/guide
Bizning faoliyatimizni kuzatishda davom eting!
Bizning manzil:
http://til.gov.uz/uz/ | https://t.me/dtrdep