O'zbekiston va Ispaniya tashqi ishlar vazirlari telefon orqali so’zlashdi
2020 yil 28 may kuni O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Ispaniya Qirolligining tashqi ishlar, Evropa Ittifoqi va hamkorlik vaziri Arancha Gonsales Laya o'rtasida telefon orqali suhbat bo'lib o'tdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e'tibor berib, ikki tomonlama kun tartibidagi ko'plab masalalarni ko'rib chiqdilar, shuningdek, O'zbekiston va EI o'rtasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.
Tashqi ishlar vazirlari O'zbekiston-Ispaniya parlamentlararo aloqalari rivojlanib borayotganini hamda Oliy Majlis va General Kortes o'rtasida O'zbekiston-Ispaniya guruhining tashkil etilishini olqishladilar.
Suhbatdoshlar savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklarini ta'kidladilar. Shu munosabat bilan barcha karantin choralari bekor qilinganidan keyin savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Ispaniya hukumatlararo komissiyasining 1-yig'ilishi, shuningdek, ikki mamlakatning etakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o'tkazilishi muhimligi ta'kidlandi.
Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari ham ko'rib chiqildi.