Toshkent modernizmining 10 ta binosi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi

Toshkent modernizmining 10 ta binosi YUNESKO (BMT Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti) Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi. Qaror yakshanba kuni Koreyaning Pusan shahrida 19−29-iyul kunlari bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida ma’qullandi. Unda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritish uchun taklif etilgan 30 ta yangi nominatsiya orasida yig‘ilishda O‘zbekistonning “Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar” milliy nominatsiyasi ko‘rib chiqildi. U XX asrning ikkinchi yarmidagi modernizm arxitekturasining jamoat, madaniy, turar joy va muhandislik inshootlarining turli tipologiyalarini aks ettiruvchi 10 ta sara yodgorligini o‘zida jamlagan.
Obyektlar ro‘yxati
“Marvarid” (“Jemchug”) turar joy binosi, 1975−1985-yillar.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, 1968−1970-yillar.
Xalqlar do‘stligi san’at saroyi, 1970-yillarning ikkinchi yarmi — 1981-yil.
O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, 1967−1974-yillar.
Toshkent davlat sirki, 1965−1975-yillar.
O‘zbekiston badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali (Rassomlar uyushmasi ko‘rgazmalar zali), 1972−1974-yillar.
O‘zbekiston kino san’ati saroyi (sobiq Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi, avvalgi sobiq “Panorama” kinoteatri), 1962−1964-yillar.
“Eski juva” bozori (Chorsu), 1983−1990-yillar.
“Kosmonavtlar” metro bekati, 1982−1984-yillar.
Toshkent viloyatidagi “Quyosh” geliomajmuasi, 1981−1987-yillar.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi va YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya rahbari Gayane Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu obyektlarning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi O‘zbekiston zamonaviy arxitektura tarixining muhim qismini XX asr merosi va jahon modernistik harakatining xalqaro kontekstiga qaytaradi.
“Ushbu binolar Toshkent arxitektura orqali jamoat hayoti, jamoaviy o‘zlik va kelajak haqidagi tasavvurlarini qanday anglaganini aks ettiradi. YUNESKO tomonidan tan olinishi, shuningdek, yuksak kasbiy sinchkovlik bilan ushbu binolarni saqlab qolish, ularning shahar hayotidagi ajralmas o‘rnini ta’minlash va ular haqidagi bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazish kabi uzoq muddatli mas’uliyatni yuklaydi”, — deya ta’kidladi u.
“Bu faqatgina bir nechta binoning emas, zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bog‘liq butun bir davrning e’tirofidir. O‘sha yillari poytaxtimiz zamonaviy arxitektura, Markaziy Osiyo an’analari va o‘ziga xos iqlim xususiyatlarini mujassam etgan butkul yangi va betakror qiyofa kasb etgan. O‘zbekistonning xalqaro maydondagi navbatdagi g‘alabasi — boy me’moriy merosimizni asrab-avaylash, kelajak avlodga bezavol yetkazish yo‘lidagi yana bir muhim qadam xayrli va bardavom bo‘lsin”, — dedi Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.
Bunga qadar Butunjahon merosi ro‘yxatiga 170 ta mamlakatdagi 1248 ta obyekt kiritilgan edi. O‘zbekistonda 5 ta madaniy va 2 ta tabiiy meros obyekti bor edi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, son jihatdan oltinchi bo‘lgan ushbu yangi nominatsiya O‘zbekistonning oxirgi 25 yil ichida YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan birinchi milliy obyekti bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va MDHda XX asr modernizm arxitektura merosini YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga taqdim etgan birinchi mamlakat bo‘ldi, shuningdek, modernistik arxitektura obyektlari ushbu nufuzli xalqaro maqomga ega bo‘lgan sanoqli (10 tadan sal ko‘proq) davlatlar qatoridan joy oldi.
YUNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasi 1972-yilda YUNESKO tomonidan qabul qilingan Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaning rahbar organi hisoblanadi. U Butunjahon merosi obyektlarini muhofaza qilish masalalarini ko‘rib chiqish, ularning saqlanish holatini baholash hamda konvensiyaga a’zo davlatlarning yangi nominatsiyalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun asosiy xalqaro maydon sifatida xizmat qiladi. 30 ta nominatsiyadan tashqari, qo‘mita mavjud 3 ta obyekt bo‘yicha takliflarni hamda 147 ta obyektning saqlanish maqomini ham ko‘rib chiqadi.