Oʻzbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar soʻnggi yillarda izchil rivojlanib, oʻzaro manfaatli va barqaror hamkorlik modelini shakllantirmoqda. Ikki davlat oʻrtasida erkin savdo rejimining joriy etilishi ushbu hamkorlikning institutsional asoslarini mustahkamlab, savdo-investitsiyaviy aloqalarning kengayishiga xizmat qilmoqda.
Institutsional hamkorlik: tizimli va uzluksiz muloqot
Iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda davlatlararo institutlar muhim oʻrin tutadi. Xususan, 1998-yildan buyon faoliyat yuritayotgan Hukumatlararo komissiya doirasida 14 ta yigʻilish oʻtkazilgan boʻlib, ularning oxirgisi 2025-yil iyun oyida Boku shahrida boʻlib oʻtdi. Mazkur platforma doirasida savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi masalalari muntazam ravishda muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida “Oʻzbekiston–Ozarbayjon” Hududlar forumi uch marotaba tashkil etilgan boʻlib, toʻrtinchi forumni 2026-yilda oʻtkazish rejalashtirilgan. Bu esa ikki tomonlama aloqalarning yanada kengayayotganidan dalolat beradi.
Iqtisodiy hamkorlikni faollashtirishning muhim mexanizmlaridan biri sifatida 2020-yilda tashkil etilgan Oʻzbek–Ozarbayjon Ishbilarmonlar kengashi ham faoliyat yuritib, biznes doiralar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmi: yuqori oʻsish sur’atlari
Ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. 2025-yil yakunlariga koʻra, tovar ayirboshlash hajmi 307,3 mln AQSH dollarini tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 14,6 foizga oshdi.
Eksport hajmi 227,3 mln dollarga yetib, 7,8 foizga oʻsgan boʻlsa, import hajmi 80 mln dollarni tashkil etib, 39,3 foizlik sezilarli oʻsishni qayd etdi. Bu savdo munosabatlarining muvozanatli va diversifikatsiyalashgan tarzda rivojlanayotganini koʻrsatadi.
2026-yilning birinchi choragida oʻsish sur’atlari yanada jadallashdi: tovar ayirboshlash hajmi 80,1 mln dollarga yetib, 42,5 foizga oshdi. Mazkur koʻrsatkichlar ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning yuqori sur’atlarda rivojlanayotganini tasdiqlaydi.
Eksport tarkibi: diversifikatsiya va yangi imkoniyatlar
2025-yilda Oʻzbekistonning Ozarbayjonga eksporti 230 ta товар pozitsiyasi boʻyicha oʻsdi. Ayniqsa, tamaki mahsulotlari, mis sim, uzum, yongʻoq, maishiy texnika va neft mahsulotlari eksportida ijobiy dinamika kuzatildi.
Shu bilan birga, umumiy qiymati 7,8 mln dollarga teng boʻlgan 116 ta yangi товар pozitsiyasi boʻyicha eksport amalga oshirildi. Bu esa davlatlar oʻrtasidagi savdo aloqalari kengayayotganidan dalolat beradi hamda eksport tarkibini diversifikatsiya qilish va mahsulot nomenklaturasini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Import: oʻzaro manfaatli hamkorlik
Import tarkibida ham sezilarli oʻsish kuzatildi. 2025-yilda import hajmi 39,3 foizga oshib, 80 mln dollarni tashkil etdi. Asosiy oʻsish shakar, alyuminiy, metall quvurlar va neft mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keldi.
Bu Ozarbayjonning Oʻzbekiston iqtisodiyotini muhim xomashyo va sanoat resurslari bilan ta’minlashdagi roli ortib borayotganini koʻrsatadi.
Transport va logistika: strategik oʻzaro bogʻliqlik
Hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi transport-logistika sohasi hisoblanadi. 2025-yilda umumiy yuk tashish hajmi 154,3 ming tonnani tashkil etib, 28,3 foizga oshdi.
2026-yilning birinchi choragida ushbu koʻrsatkich 88 foizga oʻsib, 58,7 ming tonnaga yetdi. Temir yoʻl, avtomobil va havo transporti orqali tashuvlar hajmining ortishi davlatlar oʻrtasidagi logistika zanjirlarining mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.
Tranzit tashuvlar hajmining oʻsishi (2025-yilda 1,4 barobar) Oʻzbekiston va Ozarbayjonning mintaqaviy transport koridorlaridagi strategik rolini yanada kuchaytirmoqda.
Shuningdek, Toshkent – Boku yoʻnalishi boʻyicha haftasiga 14 ta muntazam aviaqatnov amalga oshirilayotgani mamlakatlar oʻrtasidagi transport bogʻliqligining yuqori darajasini tasdiqlaydi.
Keltirilgan ma’lumotlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar izchil ravishda yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda. Hamkorlikning institutsional mexanizmlarining mavjudligi, tovar ayirboshlash hajmining barqaror oʻsishi, eksport va import tarkibining diversifikatsiyasi, shuningdek transport aloqalarining kengayishi ushbu sheriklikning strategik аҳамиятини sezilarli darajada oshirmoqda.