Samarqandda BMT Turizm “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi ochildi va turizm oliygohi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, BMT Turizm Bosh kotibi Shayxa Al Nuvais O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida Samarqand shahrida BMT Turizmning "Ipak yo‘lida turizm" tematik ofisining ochilishi hamda Xalqaro turizm akademiyasi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Tematik ofisi Ipak yo‘li makonida barqaror turizmni ilgari surish, qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish, transchegaraviy sayyohlik yo‘nalishlarini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim xalqaro platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan BMT Turizm bosh kotibi ofis aynan Samarqandda tashkil etilishining o‘ziga xos ramziy ma’nosi borligini ta’kidlab, bu shahar asrlar davomida tovarlar, g‘oyalar, madaniyat va ishonch kesishgan makon bo‘lib kelganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqand bugungi kunda ham mamlakatlar va xalqlarni bog‘lovchi markazlardan biri sifatida o‘zining noyob rolini saqlab kelmoqda.
Shayxa Al Nuvais, shuningdek, O‘zbekistonning Samarqandda tematik ofisni joylashtirish to‘g‘risidagi taklifi tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, bu mamlakat rahbariyatining turizmni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va O‘zbekistonning Ipak yo‘li makonidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan strategik qarashlari va izchil siyosati tufayli amalga oshirildi.
Bosh kotib, shuningdek, BMT Turizm boshqarmasi faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Ofis bilan tanishuv chog‘ida Shayxa Al-Nuvays binoning tarixiy xususiyatini ta’kidlab, unga alohida e’tibor qaratdi, shuningdek, ofis interyerlarida taqdim etilgan badiiy to‘plamni yuqori baholadi.
Dasturning davomi sifatida BMT Turizm bosh kotibi Xalqaro turizm akademiyasi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimida ishtirok etdi.
Shayxa Al Nuvais bitiruvchilarga murojaat qilar ekan, ta’limning kasbiy va shaxsiy rivojlanish asosi sifatidagi ahamiyatini ta’kidlab, arab xalqining "Ilm nurdir" maqolidan iqtibos keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan bilim insonga o‘z oldida turgan imkoniyatlar va qiyinchiliklarni aniqroq ko‘rish va ishonch bilan oldinga intilish imkonini beradi.
Bosh kotib o‘z nutqida, shuningdek, Samarqandning buyuk tarixiy bilim va madaniyat markazlaridan biri sifatidagi alohida o‘rnini qayd etib, bu shaharda bugungi kunda ham bilim, ochiqlik va taraqqiyotga intilish ruhi yashayotganini ta’kidladi.
Nutqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar va ta’limni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Shayxa Al-Nuvays davlat rahbari yosh avlodning katta tarafdori ekanligini, ta’lim mamlakat kelajagini strategik ko‘rishda markaziy o‘rin tutishini ta’kidladi.