BMT Bosh kotibining O‘zbekistonga tashrifi: strategik sheriklik va turizmni barqaror rivojlantirish yo‘li

"BMT Turizm" bosh kotibi Shayxa Nasser Al Nuvais rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.
Tashrif doirasida Jahon sayyohlik tashkiloti rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekistonning BMTning ushbu ixtisoslashtirilgan muassasasi bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
"BMT Turizm" rahbari mamlakatda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berdi. Xususan, turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda, aviaqatnovlar geografiyasi kengaytirilmoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Oxirgi sakkiz yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar ko‘payib, qariyb 12 millionga yetgani alohida ta’kidlandi. 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni 20 millionga yetkazish, shuningdek, turizmning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va "BMT Turizm" o‘rtasidagi hamkorlik sur’ati ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, 2023-yilda Samarqandda tashkilotning Bosh assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi va yaqin kelajakda "Ipak yo‘lida turizm" tematik ofisi ochilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027 yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish to‘g‘risida rezolyutsiya qabul qildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlarning sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, turizm sohasidagi xalqaro-huquqiy bazani takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga tayyorligi tasdiqlandi.
Tashrif doirasida Bosh kotib O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova va O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov bilan ham uchrashdi.
Tomonlar qo‘shma tashabbuslarni, jumladan, ta’lim dasturlarini amalga oshirish, an’anaviy hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildilar. Bunday loyihalar nafaqat mamlakatning sayyohlik jozibadorligini oshirishi, balki globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni saqlab qolishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuvlar yakunida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi, bu O‘zbekistonning jahon sayyohlik makoniga faol integratsiyalashish va mintaqaning asosiy sayyohlik markazlaridan biri sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lidan borayotganini aks ettiradi.