AQSH va O‘zbekiston muhim minerallar sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi

AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida qo‘shma investitsiyalarni rivojlantirish va strategik xomashyo yetkazib berish zanjirlarini mustahkamlashga qaratilgan muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar geologiya-qidiruv, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi Joint Investment Framework deb nomlangan hujjatni imzolagan. Shuningdek, kelishuvlar doirasida bo‘lajak loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydigan AQSH va O‘zbekiston qo‘shma investitsiya xolding kompaniyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Reuters’ning qayd etishicha, tashabbusni amalga oshirishda Amerikaning davlat moliya tuzilmasi - xorijda investitsiya loyihalarini ilgari surish uchun mas’ul bo‘lgan U.S. International Development Finance Corporation (DFC) asosiy rol o‘ynaydi.
Agentlikning ta’kidlashicha, kelishuv strategik muhim resurslarni yetkazib berishni diversifikatsiya qilishning kengroq xalqaro kontekstida ko‘rib chiqilmoqda. Maqolada aytilishicha, tashabbus "Xitoyning global ta’minot zanjirlaridagi ustun mavqeiga qarshi turish"ga qaratilgan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarining bir qismi bo‘ldi. Shartnoma AQSH prezidentining mintaqa davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvi, shuningdek, bir qator davlatlar ishtirokida muhim minerallar masalalariga bag‘ishlangan alohida sammit o‘tkazilgandan so‘ng imzolandi.
Nashrda, shuningdek, O‘zbekiston yuqori texnologiyali tarmoqlar va energetika o‘tishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan minerallar - oltin, uran, mis, litiy va volfram kabi tabiiy resurslarning katta zaxiralariga ega ekanligi qayd etilgan.
Reuters xalqaro hamkorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganini mamlakatda 2016 yildan buyon prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar bilan bog‘lamoqda.