Toshkentda "Fuqarolik jamiyati haftaligi" boshlandi

Yoshlar ijod saroyida fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish, shuningdek, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash uchun muloqot maydoni bo‘lgan "Fuqarolik jamiyati haftaligi" boshlandi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning 2024 yil 26 avgustdagi "Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 124-son farmoni bilan har yili dekabr oyining birinchi haftasida Fuqarolik jamiyati haftaligi o‘tkazilishi belgilangan edi. Tadbirlarda Parlament, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda. Dastlab uchrashuvlar respublikaning barcha hududlarida 1500 dan ortiq fuqarolik jamiyati instituti vakillarini jalb qilgan holda tashkil etildi. Tanlab olingan taklif va tashabbuslar asosida dastur poytaxtimizda boshlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari rivojlanishining yangi bosqichi boshlandi. 2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritildi. Fuqarolik jamiyatining asosini jamoat birlashmalari, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari tashkil etishi mustahkamlab qo‘yildi.
Joriy yilda sohaga oid yigirmaga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. 2025 yil 21 avgustda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun bilan fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soluvchi o‘nta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi, 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2024-yil 26-avgustdagi farmon Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan jadal islohotlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarining tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashning shaffoflik va sog‘lom raqobat tamoyillariga asoslangan yangi tizimi shakllantirildi. Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi qayta tashkil etildi. Senatning sakkiz nafar a’zosi va Qonunchilik palatasining sakkiz nafar deputatidan iborat Jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi ish boshladi.
Joriy yildan boshlab Parlament komissiyasi a’zolari mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ijtimoiy soha va mahallalardagi muammolarni o‘rganib, ularni manzilli hal etish uchun davlat granti va ijtimoiy buyurtma tanlovlarini e’lon qilmoqda. Joriy yilning o‘zida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashga 1 trillion 200 milliard so‘m yo‘naltirildi.
Fuqarolik jamiyati institutlari strategik hujjatlar va davlat dasturlarini monitoring qilish va amalga oshirishda ishtirok etadi, shuningdek, hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi. Ish samaradorligini oshirish ko‘p jihatdan kadrlar salohiyatiga bog‘liq. 2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida 750 nafar nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari malaka oshirdi.
"Oltin qalam" milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yoritishga bag‘ishlangan nominatsiya joriy etildi. Ushbu institutlarning mamlakat taraqqiyotidagi rolini kuchaytirish, ularning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorligini kengaytirishga qaratilgan tizim shakllantirildi.
Haftalik doirasida nodavlat notijorat tashkilotlarining milliy forumi, imkoniyati cheklangan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Oliy Majlis palatalari va Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv va muloqotlar, xalqaro konferensiya, aksiyalar, shuningdek, "Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun" ko‘krak nishoni, "Fuqarolik tashabbusi" milliy mukofoti va "Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga hissa qo‘shgan eng yaxshi davlat organi" mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Bundan tashqari, nodavlat notijorat tashkilotlarining muhim tashabbuslarini moliyalashtirish bo‘yicha "Maqsadli loyihalar" aksiyasi o‘tkazilmoqda, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashilmoqda.
Ishtirokchilarning fikricha, 5-dekabrga qadar davom etadigan haftalik davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligining samarali mexanizmlarini shakllantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining ehtiyojlarini tahlil qilish, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslarni muhokama qilish maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.