Toshkentda "Ipak yo‘lida turizm" 30-yubiley xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda

CAEx xalqaro ko‘rgazmalar markazida "Ipak yo‘lida turizm" 30-Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi ochildi, unda ishbilarmonlik dasturi, xorijiy mamlakatlarning milliy stendlari va keng ko‘lamli sanoat tadbirlari namoyish etilmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 1995-yildan buyon Butunjahon turizm tashkiloti ko‘magida o‘tkazib kelinmoqda va o‘ttiz yildan buyon sayyohlik mahsulotlarini targ‘ib qilish, O‘zbekistonning xalqaro imijini shakllantirish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbirning nufuzi va ko‘lami tobora ortib borayotganini turli mamlakatlardan yuzlab mutaxassislar, kompaniya va tashkilotlar ishtirok etayotgani ham tasdiqlaydi.
Bu yilgi yarmarkada Saudiya Arabistoni, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Malayziya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Chexiya, Germaniya, Pokiston, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya, Niderlandiya kabi qirqqa yaqin davlat vakillari ishtirok etmoqda. Hududlar va tarmoq korxonalarining 58 ta stendi, shuningdek, 65 ta xalq hunarmandlari stendi tayyorlangani tashrif buyuruvchilar sonining ko‘payishi va keng ko‘lamda ishtirok etishidan dalolat beradi.
Yubiley soni dasturidan "O‘zaero" xalqaro aviatsiya forumi, "Delicious Uzbekistan" gastronomik festivali, Turizm ta’limi forumi, "Global turizm media-kampusi," Etnoo‘yinlar festivali va Islom hamkorlik tashkilotining Turizm forumi o‘rin olgan. Yevropa Ittifoqining yigirmadan ziyod mamlakati vakillari ishtirokida "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi turizm forumining o‘tkazilishi muhim voqea bo‘ladi. Shu bilan birga, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Turizm bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya kichik komissiyasining uchinchi yig‘ilishi va Turizm bo‘yicha maslahat qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Yarmarka ishtirokchilari milliy stendlar bilan tanishmoqda, xalqaro mutaxassislar ishtirokidagi tarmoq forumlari va ekspert sessiyalarida ishtirok etmoqda, jahon darajasidagi oshpazlarning mahorat darslari, gastronomik taqdimotlar va O‘zbekiston hunarmandchilik san’ati ekspozitsiyasidan bahramand bo‘lmoqda. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridagi yangi sayyohlik zonalari va yo‘nalishlari namoyish etilmoqda. An’anaga ko‘ra, hamkorlikni kengaytirish va yangi shartnomalar tuzishga qaratilgan B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Tadbir turizm sohasidagi jadal islohotlar fonida o‘tkazilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sohada keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda: yuzga yaqin mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi, 1200 dan ortiq yangi sayyohlik obyektlari tashkil etildi, yuzdan ortiq yo‘nalishlar shakllantirildi. 2024-yilda xorijiy sayyohlar soni o‘n millionga yetgan bo‘lsa, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkichni yigirma millionga yetkazish rejalashtirilgan. Turizm qo‘mitasi faoliyati to‘g‘risida qabul qilingan qaror amalga oshirilayotgan tashabbuslarni kuchaytiradi va sohaning yanada o‘sishi uchun imkoniyatlar ochadi.
Yubiley yarmarkasiga nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va turizm sanoatini rivojlantirish uchun muhim platforma sifatida qaralmoqda.