Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi COVID-19 ning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish uchun paxta boykotiga chek qo‘yishga chaqirdi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining baholashicha, Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatda joriy qilingan karantin sabab mamlakatning 1,5 million aholisi ishsiz hisoblanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu munosabat bilan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov “Cotton Campaign” koalitsiyasi rahbariyatiga 2006 yilda joriy qilingan mamlakatda ishlab chiqarilgan paxta mahsulotlaridan foydalanish uchun boykotni olib tashlashni so‘rab murojaat qildi.
Eslatib o‘tamiz, dunyoda 300 dan ortiq xalqaro brend va turli biznes doira vakillari mamlakatimiz paxtasini sotib olmaslik bo‘yicha majburiyatga imzo chekishgan. Bu esa O‘zbekistonda tekstil sanoati rivojlanishi va mahsulotlar eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Murojaatda shunday deyiladi:
“Koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotiga sezilarli darajada zarar yetkazdi. Xalqaro mehnat tashkilotining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 25 million kishi o‘z ishini yo‘qotishi mumkin va ishchilarning daromadlari kamida 3,4 trillion dollarga kamayadi. AQSh va O‘zbekiston ham bundan mustasno emas.
Cotton Campaign” koalitsiyasi mamlakatimiz hukumati va fuqarolik jamiyati taklifiga binoan joriy yilning yanvar oyi oxirida O‘zbekistonda bo‘ldi. Xalqaro mehnat tashkilotining so‘nggi ma’ruzasi “2019 yil, paxta hosilini yig‘ish davrida tizimli majburiy mehnat holatlari qayd etilmagan” va “O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi davrida bolalar mehnati qo‘llanilmayapti”, deya tasdiqlaydi. Biz ushbu yutuqlardan faxrlanamiz va natijalarimizni yaxshilashga qat’iy qaror qildik. Albatta, biz O‘zbekistonda mehnatkashlarning huquqlarini himoya qilish borasida hali katta ishlar amalga oshirish kerakligini to‘liq anglaymiz va koalitsiya tomonidan yaqinda aytib o‘tilgan muhim tavsiyalarni biz uchun ustuvor ahamiyatga ega deb hisoblaymiz.
Joriy yilning 6 mart kuni tarixiy hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra O‘zbekiston 2020 yildan boshlab paxta ishlab chiqarishni, narxni va majburiy sotishni davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechadi.
Yaqinda qabul qilingan ushbu hujjat shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston hukumati xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ida islohotlarning yangi bosqichini boshlashga tayyor.
Vazir murojaatida keltirilishicha, yangi islohotlar davriga o‘tishda aholiga zarur o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun koalitsiya tomonidan imzolangan Uzbek Cotton Pledge majburiyati doirasida o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykotni olib tashlash zarurati bor. Shuningdek, boykotni olib tashlash borasidagi murojaatga bugungi kundagi majburiy mehnatning barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha erishilgan aniq strategiya bilan birga yana bir boshqa sabab ham bor.
“Bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozori misli ko‘rilmagan bosimga duch kelmoqda: respublikamizning bir yarim milliondan ortiq fuqarosi ishsiz. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keskin (choralar) izolyatsiya tufayli 150 ming fuqaro majburan ishsiz qoldi, chet eldan qaytgan 140 mingdan ortiq fuqarolarimiz doimiy daromadlaridan mahrum bo‘lishdi, 200 mingdan ortiq oila qashshoqlik yoqasida. Davlat korxonalari, xususiy sektor va butun mehnat bozori yangi sharoitlarga imkon qadar ko‘proq moslashishga harakat qilmoqda. Ammo milliy iqtisodiyotimiz juda zarur bo‘lgan yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun katta kuch sarflashi kerak”.
Nozim Husanovning ta’kidlashicha, shu bois paxta boykotini olib tashlash haqidagi qaror hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati aholi bandligini ta’minlashda yetakchi tarmoqlardan biridir. Faqat ishlab chiqarishda qariyb 7 ming korxonada 200 mingdan ortiq aholi ish bilan band bo‘lganligi bois bir million aholi barqaror daromadga ega. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbek paxtasidan boykot olib tashlansa, to‘qimachilik mahsulotlarining umumiy eksport hajmi ikki barobarga ortishi mumkin. Bu esa xalqimiz uchun zarur ish o‘rinlarini yaratadi.
Ochiq xat “Boykotni to‘xtatish haqidagi iltimosni o‘zbek xalqiga nisbatan hamjihatlik harakati sifatida ko‘rib chiqib, uning olib tashlanishi ayni sinovli davrda fuqarolarimizning turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilishi” haqidagi fikrlar bilan yakunlanadi.
“Dunyo” AA