2025 yil I yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi

2025 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal o‘sish dinamikasini saqlab qolmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvar–iyun oylarida yalpi ichki mahsulot (YAIM) 807,9 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,2 % ga oshdi.
Asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlarda ijobiy tendensiyalar saqlanmoqda. Qozog‘istonda YAIM 2025 yil yanvar–iyun oylari yakunlari bo‘yicha 6,2%ni tashkil etdi, Qirg‘izistonda – 11,7 %, Xitoyda – 5,3%, Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, Rossiyada 1,4%ga yetdi.
Inflyatsiya. Isteʼmol narxlari indeksi 2024 yil dekabr oyiga nisbatan 104,2%ni tashkil etdi, bu esa narxlar o‘sish surʼatlari sekinlashayotganini ko‘rsatadi. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari segmentlarida narxlar o‘rtacha darajada o‘smoqda, shu bilan birga, xizmatlar inflyatsiyaning asosiy drayveri bo‘lib qolmoqda va umumiy isteʼmol narxlari darajasiga eng katta taʼsirni ko‘rsatmoqda.
Investitsiya. Asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 5,5%ga oshib, 273,4 trln so‘mga yetdi. O‘tgan yil boshidagi yuqori o‘sish surʼatlariga nisbatan sekinlashganiga qaramasdan, investitsiya faolligi barqaror qolmoqda. Investitsiya manbalarida markazlashmagan mablag‘lar, jumladan korxonalar va aholi mablag‘lari, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ustunlik qilmoqda.
Ishlab chiqarish sanoati barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,6%ga (488,5 trillion so‘m), qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 4,0%ga (194,9 trillion so‘m), qurilish ishlari hajmi 10,7%ga (137,6 trillion so‘m) o‘sdi.
Xizmatlar sohasi ham faol o‘sishni namoyon etmoqda: ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 13,3%ga oshib, 458,2 trln so‘mni tashkil etdi, chakana savdo aylanmasi esa 9,7%ga o‘sib, 198,7 trln so‘mga yetdi. Xizmatlar va savdo sohasida yuqori o‘sish surʼatlari aholi daromadlarining ortishi, raqamlashtirishning davom etishi, onlayn to‘lovlar va raqamli servislarga o‘tishning ortishi bilan izohlanadi, bu esa xizmatlar sektorini yana-da dinamik qilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyat. Tashqi savdo aylanmasi 37 mlrd dollarga yetib, 16,1%ga oshdi. Eksport 16,9 mlrd dollarni (+29,1 %) tashkil etdi, import esa 7,0%ga o‘sib, 20,1 mlrd dollarga yetdi. Eksportning tezlashishi xizmatlar, xomashyo va energetika resurslari yetkazib berishning ortishi bilan bog‘liq.
Umuman olganda, 2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston iqtisodiyoti ishonchli tiklanish va tuzilmaviy barqarorlikni namoyon etmoqda. Faol investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosat, real sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda inflyatsiyaviy bosimning kamayishi ijobiy makroiqtisodiy dinamikani taʼminlamoqda.