Qonun bilan ayrim qonunlarga o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan siyosiy partiya fraksiyasiga bir qancha qo‘shimcha huquqlar berishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Ularning soni 3 tadan 6 tagacha oshiriladi. Xususan:

  • qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasi yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish huquqi;
  • Qonunchilik palatasining 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash huquqi;
  • har chorakda “hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bitta masala kiritish huquqi beriladi.

Hujjat “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunlarga, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi hamda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.

Bungacha parlament muxolifatiga qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan oldin shu masala bo‘yicha muqobil tahrirdagi qonun loyihasini, shuningdek, Qonunchilik palatasi qarori loyihasini kiritish huquqi taqdim etilgan edi.

Bundan tashqari, muxolifat muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining majlis bayonnomasiga o‘zining alohida fikrini kiritishi mumkin, shuningdek, Senat tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha yarashuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi huquqiga ega.

Noyabr oyida prezident yangi davrda O‘zbekiston parlamenti haqiqiy xalq uyiga aylanishi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatori, sog‘lom raqobat va bahslar maydoni bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. U parlamentda muxolifatning faolligini oshirish zarurligini ta’kidlab, uning huquqlarini kengaytirishni taklif etgan edi.

May oyida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi va “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi birlashib, “Taraqqiyot blogi”ni tuzganidan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘zini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deb e’lon qilgan edi.

Parlament muxolifati sifatida XDP hukumat va parlament ko‘pchiligi taklif qilayotgan tashabbuslarni tanqidiy tarzda ko‘rib chiqib, ular bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, partiya yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov agar ko‘pchilik tomonidan taqdim etilgan qonun loyihalari elektorat manfaatlariga javob bermasa, partiyaning ularga muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va kiritish imkoniyati ham mavjudligini ma’lum qilgandi.