Samarqand shahrining yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi

Samarqandda amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar natijasida mazkur qadimiy shaharning yoshi 3000 yil deb qayta baholanadi.
O'zA ma'lumotiga ko'ra, bu haqida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kecha o'tkazilgan navbatdagi sessiyasida qaror qabul qilindi. O'zbek-fransuz olimlari qo'shma ekspeditsiya a'zolari Ko'ktepe va Afrasiyobdagi topilmalarni qayta tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi.
Camarqand Arxeologiya instituti direktori Mo'minxon Saidovning aytishicha, Samarqandning qadimiy o'rni va yoshini o'rganish 150 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib, shahar dastlab bundan 1500 yil oldin, keyinchalik 2000 yil, 1970 yilda 2500 yil oldin shakllanganligi borasida xulosalarga kelingan. 2000-yillarda esa O'zbekiston – Fransiya qo'shma ekspeditsiyasi yangi ma'lumotlarni aniqladi va Samarqand yoshi 2750 yil deb tasdiqladi. Lekin bu ham yakuniy xulosa emas va shuning uchun shaharning xronologiyasi bo'yicha tadqiqotlar keyingi yillarda ham davom etib kelmoqda.
Xususan, joriy yildagi qazishma ma'lumotlari Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Ko'ktepa yodgorligida 1993-2006 yillarda olib borilgan qazishma ishlarining tahlili asosida mutaxassislar tomonidan yangi qarashlar shakllanishiga turtki berdi.
O'zbekiston – Fransiya qo'shma ekspeditsiyasi a'zolari shu vaqtga qadar Ko'ktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali Samarqand shahrining shakllanish davri 3000 yilga teng ekanligi borasida fikr ilgari surilmoqda. Qayd qilinishicha, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida, ya'ni bundan 3000 ming yil oldin bu yerda shahar hokimi qarorgohi va ibodatxonani o'z ichiga olgan yirik shahar shakllangan. Bu holat "Avesto"da tilga olingan "Gava Sug'uda" va "Sug'ud" tushunchalari bilan uyg'unlashadi. Unda "Gava Sug'uda" dehqonchilik hududini, "Sug'ud" esa ma'muriy markazni anglatgan. Ushbu markaz aynan Ko'ktepa bo'lganligi ta'kidlanadi. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib Sug'dning markazi hozirgi Afrosiyob tepaligi o'rniga ko'chadi. Shu yilning mart oyida Afrosiyob yodgorligining bir necha nuqtasida jumladan, ark va shahriston qismida, ya'ni mudofaa devori yaqinida keng ko'lamdagi qazuv ishlari olib borildi.
7 metrdan ziyod chuqurlikda miloddan avvalgi VII-IV asrlarga mansub murakkab mudofaa tizimi ochib o'rganildi. Ikkita qazishmada aniqlangan arxeobotanik va arxeozoologik topilmalar tahlil uchun Fransiya, Germaniya va Yaponiya laboratoriyalariga jo'natildi. Hozirgi vaqtda ularning tahlili amalga oshmoqda. Shu paytgacha to'plangan ilmiy ma'lumotlar tegishli idoralar, jumladan, O'zbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy kengashga jo'natilib, ularning ijobiy xulosalari olindi.