25-iyuldan O‘zbekistonda "Do‘stlik festivali" bo‘lib o‘tadi

30 iyul - Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan O‘zbekistonda "Do‘stlik festivali" o‘tkaziladi.
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan qator idora va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilayotgan mazkur festival doirasida 25-31 iyul kunlari mamlakatimizning barcha hududlari hamda Toshkent shahrida turli madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy va bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Festivalning birinchi kuni - 25-iyul kuni Mustaqillik monumentiga gul qo‘yish marosimi, "Do‘stlik festivali"ga bag‘ishlangan matbuot anjumani, "O‘zbekiston - yagona Vatan" shiori ostida milliy madaniy markazlar ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston san’at ustalarining konserti bo‘lib o‘tadi.
Festivalning ikkinchi kunida Qirg‘iziston madaniyati kunlari doirasida gala-konsert va qirg‘izistonlik san’at ustalarining chiqishlari bo‘lib o‘tadi.
Bayramning uchinchi va to‘rtinchi kunlari Toshkent Fotosuratchilar uyida "Do‘stlik nigohi" fotoko‘rgazmasi, Navro‘z bog‘ida O‘zbekiston va xorijiy davlatlar hunarmandlari ishtirokida "Ona yurt yuragidan..." xalqaro xalq amaliy san’ati ko‘rgazma-yarmarkasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida "She’riy birodarlik" ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
30 iyul kuni "InterContinental Tashkent" mehmonxonasida "Umummilliy birdamlikni mustahkamlash - Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim poydevori" mavzusida xalqaro konferensiya, "Xalqlar do‘stligi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi, shuningdek, "Yakkasaroy" restoranida milliy-madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari o‘rtasidagi onlayn tanlovlar g‘oliblarini tantanali kutib olish va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.